16:52 / 24.03.2021
6429
Sariosiyodagi bir mahalla muammolari: odamlar suvning boshida turib, toza suvga zor

Kun.uz ijodiy jamoasi navbatdagi murojaatni o‘rganish uchun Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani markazidagi Afrosiyob mahallasida bo‘ldi. Mahalla ahli chang-to‘zonli ko‘chalar, ichimlik suvi va tabiiy gaz yo‘qligi va eng asosiysi - tuman tibbiyot birlashmasining oqova suvlaridan aziyat chekayotganini bayon qilishdi.

Ushbu mahalla Uzun o‘rmon xo‘jaligi hududida tashkil etilganiga 40 yilcha bo‘lib qoldi. Mahalla hududiga kiraverishda mahalladan 300 metr narida joylashgan Sariosiyo tuman tibbiyot birlashmasining oqova va kanalizatsiya suvlarini tozalash inshooti joylashgan.

Ayni paytda tozalash inshooti o‘rniga yangisi o‘rnatilgan, biroq mahalla ahlining so‘zlab berishicha, eskisi ham ishlatilmoqda va qo‘lansa hiddan mahalladagilar aziyat chekishmoqda.

O‘zi ko‘p yildan buyon vrach bo‘lib ishlab kelayotgan Hidoyat Jalilovaning aytishicha, qo‘lansa oqova suvlar yaxshi tozalanmasdan, dam-badam eski inshootdan oshib-toshib ketadi. Atrofni suv bosadi. Butun mahallaga qo‘lansa hid taraladi. Albatta, bu sanitariya me'yorlariga ham zid. Qolaversa, hudud To‘palang daryosiga yaqin.

Mahalla vodoprovod tarmog‘iga ulanmagan. Hududning yeri toshloq, 5-6 metrdan suv chiqadi. Barcha yer osti suvidan kundalik turmushda foydalanib kelmoqda. Kanalizatsiyadan toshib chiqayotgan oqova suvlar ular iste'mol qilayotgan sifatsiz suvning sifatini yanada battar ahvolga solmoqda.

Tozalash inshootiga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlardan biri Otamurod Mirzayev vaziyatni sal boshqacharoq ifodaladi.

O.Mirzayevning so‘zlariga ko‘ra, yangi tozalash inshooti mahalliy xalqning arizalaridan so‘ng qurilib, to‘liq foydalanishga topshirilgan. Lekin biz borgan kundan sal oldin sodir bo‘lgan voqeaga tushunmovchilik sabab bo‘lgan. Oqova suv eski inshootga haydalgan va u toshib chiqqan. Yangi inshoot oqova suvni to‘liq qayta ishlay oladi, suv ajratib, tozalanib, xlorlanib, To‘palang daryosiga chiqarib yuboriladi.

Mahallada yana bir holga ko‘zimiz tushdi: biz borishimizdan sal avval mahalladagi daydi itlarni zaharlab ketishgan ekan. Shu yerdagi ikki ayol katta ko‘chada o‘lib yotgan itlardan birini ko‘z o‘ngimizda nariroqqa — tozalash inshooti yoniga olib borib tashlashdi: sassiq joyda sasigani bilinmas, degandek.

To‘palang daryosi sohillariga yaqin joylashgan mahalla ahli u yerdagi turli shag‘al maydalash xususiy korxonalariga qatnovchi katta yuk mashinalaridan ham aziyat chekishayotganini bayon etishdi.

Hidoyat Jalilovaning aytishicha, korxonalardan shag‘al va tosh ortgan katta yuk mashinalari katta ko‘chadan emas, mahalla ichidagi ichki ko‘chadan qatnaydi. Buning oqibatida hamma yoq chang-to‘zon bo‘lib ketadi. Qariyb 2 km naridagi 3-o‘rta maktabga qatnaydigan maktab o‘quvchilarining ust-boshlariga qarab bo‘lmaydi. Mahalla bolalari ko‘chaga chiqib o‘ynay olishmaydi.

Bu holni bartaraf etish uchun ko‘chalarni asfaltlashtirish kerak bo‘ladi. Mahalla ichki ko‘chalaridan yuk avtomobillari qatnovini ham tartibga solish, ularni aholi turar joyidan emas, To‘palang daryosi bo‘yidagi xavfsiz yo‘llardan haydashlarini tashkil etish lozim bo‘ladi.

«Afrosiyob» mahallasi ahlini qiynayotgan narsalardan biri bir necha yil avval qandaydir sabablar bilan tabiiy gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilgani. Sekin-asta asrab qo‘yilgan quvurlarning bir qismi yo‘q bo‘lib ketdi. Hozir mahallani oqma tabiiy gaz tarmog‘iga qayta ulash uchun loyiha tayyorlangan. Lekin hadeganda loyiha amalga oshmasdan turibdi.

Tozalash inshooti risoladagiday ishlasa, qo‘lansa hiddan xalos bo‘lishar. Ko‘chalarning asfalt qilinishi va tabiiy gaz tarmog‘iga ulash uchun mahalla davlat dasturiga tushirishi kerak, buni tushunamiz. Lekin ularni ichimlik suvi bilan ta'minlash zarur choralar ichida eng osoni bo‘lsa kerak.

Chunki mahalla butun tumanni ichimlik suv bilan ta'minlash tarmog‘ining boshida turibdi. Bu yerda toza, sifatli ichimlik suvi 200 metr chuqurlikdan chiqadi va butun tumanga tarqatiladi. Hattoki, mahallaga kirish yo‘li boshida quduq va suvga ulanish uchun quloq ham o‘rnatilgan. Mablag‘ ajratilsa, odamlarning ko‘chasigacha quvur tortib berilsa, bas.

Hidoyat Jalilova mutasaddi tashkilotlar “o‘zlaring tortib olinglar”, deb kelishayotganini tilga oldi. Biroq fuqarolarda buning uchun yetarli mablag‘ yo‘q. Davlatning yordami kerak bo‘ladi.

Mahalla ahli o‘zlarini qiynayotgan barcha masalalar bo‘yicha mutasaddilarga murojaat qilishgan. Tumanning avvalgi hokimi Asqarali Jo‘rayev (hozir Boysun tumani hokimi) shaxsan kelib muammolar bilan tanishib ketganini aytishdi. Biroq, afrosiyobliklar yangi hokimga hozircha bu borada uchrashishmagani va u mahallaga kelib ko‘rmaganini ham bildirishdi.

Umid qilamizki, Sariosiyo tuman hokimligi va tumandagi mutasaddi tashkilotlar mavjud muammolarga oqilona yechim topishadi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi: Jahongir Aliboyev

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top