22:12 / 25.03.2021
55147
Otabek Sattoriy ishi. Sherobod hokimi, uning o‘rinbosari va IIBning sobiq boshlig‘i sudda ko‘rsatma berdi

Bugun, 25 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudida bloger Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Otabek Sattoriy

Sud majlisida Sherobod tumani hokimi Ziyodulla Davlatov, uning o‘rinbosari Umidjon Panjiyev, tumanda joylashgan bozorda pattachi bo‘lib ishlovchi Zuhriddin Tog‘ayev va hodisa ro‘y bergan paytda Sherobod tuman IIB boshlig‘i vazifasini bajargan Sherxon Allamurodov guvoh sifatida ko‘rsatma berdi.

Sherobod hokimi Ziyodulla Davlatov o‘z ko‘rsatmalarida Otabek Sattoriy bilan ikki marta uchrashgani, ilk marta 2020 yil 18 dekabr kuni, ikkinchisida 28 yanvar kuni ko‘rishganini aytdi. U 2020 yil 18 dekabr kuni Otabek Sattoriy va uning yonidagi sherigi hokimiyatga kelib, telefonini Sherobod bozorida ikki nafar yigit tortib olganini aytgani, shundan so‘ng bozorga borganini bildirdi.

«Sherobod bozoriga borganimizdan keyin, Otabekning telefonini tortib olgan yigitlarga qaytarib berishini aytdim. Shu payt bozorning boshqa hududida to‘polon bo‘lib qoldi. O‘rinbosarim bilan borib, o‘zaro tortishib qolgan aravakash va sotuvchilarni tinchitib qaytib keldim. Qaytganimda, yigitlar tortib olgan telefonni Otabek Sattoriyga qaytarib berishibdi.

O‘sha yigitlarga kechirim so‘ranglar dedim, kechirim so‘rashdi. Ikki orada gina-qudrat qolmadi. Otabek Sattoriy va uning sherigi bozorda yana biroz videolavha olishdi. So‘ng ular ketish taraddudiga tushishdi. Shu yerda xayrlashdik. Boshqa gap bo‘lmadi», – dedi Ziyodulla Davlatov.

Sherobod tumani hokimining aytishicha, u Otabek Sattoriy bilan 28 yanvar kuni ikkinchi marta hokimiyat binosida ko‘rishgan. Bu safar uning yonida boshqa yigit bo‘lgan. Ular 2017 yilda uy-joyi «snos»ga tushgan odamlarning murojaati bo‘yicha kelganini aytib, hokim va o‘rinbosaridan o‘sha ish bo‘yicha izoh so‘ragan.

Ziyodulla Davlatov Otabek Sattoriy ikki marta ko‘rishganda ham undan telefon so‘ramaganini, Otabek Sattoriy bilan borgan muxbir hokim va uning o‘rinbosariga: «Otabekning zarar yetgan telefonini qanday hal qilamiz?» deb 2-3 marta so‘raganini ma'lum qildi. Hokim o‘z o‘rinbosariga bu ishni surishtirib ko‘rishni aytgan.

Ziyodulla Davlatovning aytishicha, 2020 yil 18 dekabr kuni Otabek Sattoriy Sherobod bozorida telefoniga va kiyimiga zarar yetkazishgani haqida unga hech narsa demagan.

Hokimning ko‘rsatmalari Otabek Sattoriyni qanoatlantirmadi va u hokim yolg‘on ko‘rsatma berayotganini aytdi.

Otabek Sattoriy, Sherobod tumani hokimi bilan ikkinchi marta ko‘rishganda hokim unga: «15 fevral kuni tug‘ilgan kuning bo‘lsa, menga 14 fevral kuni qo‘ng‘iroq qil, telefon sovg‘a qilaman», deb aytganini ma'lum qildi.

Ziyodulla Davlatov «14 fevral kuni qo‘ng‘iroq qil» deb aytganini tan olishini, ammo «telefon sovg‘a qilaman» deganini inkor etishini bildirdi.

Sherobod tumani hokimi o‘rinbosari Umidjon Panjiyev

Sherobod tumani hokimining o‘rinbosari Umidjon Panjiyev 2020 yil 18 dekabr va 2021 yil 28 yanvar kunlarida tuman hokimining yonida bo‘lganini, Otabek Sattoriyning o‘zi telefon so‘ramaganini, 28 yanvarda Sherobodga kelganida uning yonidagi sherigi Otabekning zarar yetgan telefoni masalasini hal qilishni so‘raganini bildirdi.

Hokim o‘rinbosarining aytishicha, u Sherobod bozori direktoriga «Otabekka telefon olib ber» deb aytmagan. Ammo Otabek Sattoriy uni ham yolg‘on ko‘rsatma berganlikda aybladi.

Sud majlisi davomida Sherobod tumanida joylashgan bozorda pattachi bo‘lib ishlovchi Zuhriddin Tog‘ayev ko‘rsatma berdi. U Otabek Sattoriyning telefoni tortib olinganda va qaytarib berilganda hodisa joyidan uzoqda bo‘lgani uchun tafsilotlarni to‘liq bilmasligini ma'lum qildi. Pattachining aytishicha, bozor xodimlaridan biri uning bozorda savdo qilayotgan opasini videoga tushirgani uchun Otabek Sattoriyning telefonini tortib olgan va videolarni o‘chirgan.

Navbatdagi guvoh – viloyat IIB Jinoyat-qidiruv boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sherxon Allamurodov bo‘ldi. Uning aytishicha, 2020 yil noyabr oyidan 2021 yil 15 yanvargacha viloyat IIB boshlig‘ining topshirig‘i bilan vaqtincha Sherobod tuman IIB boshlig‘i vazifasida ishlagan.

Sherxon Allamurodovning ma'lum qilishicha, 2020 yil 18 dekabr kuni tush paytida tuman hokimi unga telefon qilib, bozorga kelishini so‘ragan. Aytilgan joyga yetib borganda, tuman hokimining Otabek Sattoriy va uning sherigi bilan gaplashib turganini ko‘rgan. Ular bilan so‘rashib, blogerlarga bozorda to‘sqinlik qilinganini bilgan.

Shundan so‘ng, u Otabek Sattoriy va uning sherigi bilan gaplashib, keyingi safar Sherobodga keladigan bo‘lsa, o‘ziga qo‘ng‘iroq qilishlarini, unga qarshilik qilgan bozor xodimlari bilan tushuntirish ishlarini olib borishini aytgan va telefon raqamini bergan.

Oradan 15 kuncha o‘tib, Otabek Sattoriy unga qo‘ng‘iroq qilib, bozor xodimlariga chora ko‘rgan-ko‘rmaganini so‘ragan. U chora ko‘rganini aytgan.

Sherxon Allamurodovga ko‘ra, Otabek Sattoriy kiyimi yirtilgani, telefoni tortib olingani haqida bozorda bo‘lib turgan paytida aytmagan. Sudlanuvchi bunga javoban guvoh yolg‘on gapirayotgani, unga hujum qilishgani haqida IIB boshlig‘iga o‘sha kuni aytganini bildirdi.

Navbatdagi sud majlisi 2 aprelda bo‘lib o‘tishi ma'lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, bloger Otabek Sattoriyga Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bo‘yicha ayb qo‘yilyapti.

U 8 nafar fuqaroning sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma'lumotlarini oshkor qilish bilan qo‘rqitishda, bu orqali moddiy manfaat ko‘rib kelganlikda, Telegram, Facebook, YouTube orqali tuhmat va haqorat qilish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda.

  • Jinoyat ishi tafsilotlari bilan batafsil ushbu havolada tanishing.

Avvalgi sud majlisida Otabek Sattoriyning o‘zi ham ko‘rsatma bergandi:

Top