11:59 / 25.03.2021
1589
Samarqandda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 65 yoshli haydovchi vafot etdi

Samarqand viloyati Ishtixon tumanida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. Oqibatda bir nafar odam vafot etgan. Bu haqda Samarqand viloyati IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

20 mart kuni Oqdaryo tumanida yashovchi haydovchi o‘zining «Jiguli» avtomashinasida M37 Samarqand—Ashxobod xalqaro avtomobil yo‘lining Ishtixon tumani Safoxo‘ja mahallasidan o‘tuvchi 54-kilometrida yo‘lning qarama-qarshi tomonida harakatlanib, o‘z yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan 55 yoshli haydovchi boshqaruvidagi «Lasetti» avtomashinasi bilan to‘qnashgan.

Oqibatda ayanchli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan va «Jiguli» avtomashinasining 65 yoshli haydovchisi og‘ir tan jarohati olib tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Ammo ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, u shifoxonada vafot etgan.

Xabarda ma'lum qilinishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Ishtixon tumanida targ‘ibot ishlari olib borilgan va aholiga yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzish og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligi tushuntirilgan.

Top