20:20 / 26.03.2021
4477
Viloyatlarning ishbilarmonlik faolligi indeksi e'lon qilindi

O‘tgan oyda Farg‘ona viloyatida ishbilarmonlik faolligi bo‘yicha eng yuqori o‘sish kuzatildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, respublikada fevral oyidagi ishbilarmonlik faolligi indeksi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,4 foizga oshgan.

Xususan, Farg‘ona viloyatida 51,3 foiz o‘sish kuzatilgan va bu eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda Buxoro (44,1 foiz) va Samarqand (35,2 foiz) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (34,5 foiz) sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan.

O‘tgan oyda O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligi indeksi yanvarga nisbatan 9,9 foizga oshdi. Bunda o‘sish quyidagi tarkibiy qismlar darajasidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘ldi:

  • xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning bank hisobvaraqalaridagi operatsiyalar soni 19,6 foizga;
  • faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar bo‘yicha komponent 1,3 foizga;
  • tovar-xomashyo birjasida xomashyo sotib olish jadalligi 6,8 foizga;
  • tovar belgilari bo‘yicha komponent 0,5 foizga oshgan.
2021 yil fevral oyida hududlar kesimida ishbilarmonlik faolligi indeksi

 

2021 yilning fevral oyida ishbilarmonlik faolligi indeksi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,4 foizga oshgan.

Bank hisobvaraqalari bo‘yicha operatsiyalar

2021 yil fevral oyida banklararo to‘lov operatsiyalari soni 4,3 mln. tani tashkil etgan va yanvarga nisbatan 715,4 ming tranzaksiyaga (19,6 foiz) oshgan.

O‘tgan oyda respublikaning 14 ta hududida yuridik shaxslar o‘rtasidagi bank operatsiyalari soni yanvarga nisbatan o‘sgan. Xususan, sezilarli darajadagi o‘sish Xorazm (26,9 foiz), Qashqadaryo (26,5 foiz), Sirdaryo (24 foiz), Jizzax (23,6 foiz) va Navoiy (23,5 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.

Tovar-xomashyo birjasidagi faollik

2021 yilning fevral oyida ishbilarmonlik faolligi indeksining birja komponenti o‘tgan oyga nisbatan 6,8 foizga oshgan. Bunda bitimlar sonining 20,8 foizga ko‘payganligi bilan izohlanadi.

Respublika tovar-xomashyo birjasida tovarlar savdosi umumiy aylanmasi hajmi o‘tgan oyda 4,8 trln. so‘mni tashkil etib, yanvarga nisbatan 18,5 foizga oshgan.

Xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarning faolligi

Faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub'yektlari bo‘yicha komponent 2021 yil fevral oyida yanvarga nisbatan 1,25 foizga oshgani ma'lum bo‘lgan.

Fevral oyida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar soni yanvarga nisbatan 7 ming 338 taga ko‘payib, 531 ming 474 tani tashkil etgan.

Hisobot davrida yanvarga nisbatan kichik korxonalar soni 417 ming 244 tadan 423 ming 511 tagacha oshgan). Fermer xo‘jaliklari soni 103 ming 900 tadan 104 ming 945 tagacha ko‘paygan.

Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan sub'yektlar soni 3 ming 18 tani tashkil etib, 2021 yilning yanvar oyiga nisbatan 26 taga oshgan.

Brendlarni ro‘yxatga olish

2021 yil fevralida tovar belgilari bo‘yicha komponent yanvarga nisbatan 0,5 foizga oshgan. O‘tgan oyda yuridik shaxslar tomonidan 225 ta tovar belgilari va tovar nomlari ro‘yxatga olingan.

Top