15:08 / 27.03.2021
38674
Guljahon Yo‘ldosheva ishi. Ayblanuvchilar suddagi so‘nggi so‘zlarini aytdi

Sudning muzokara qismi o‘z ishini yakunladi. 29 mart kuni hukm e'lon qilinadi.

25 mart kuni Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi sobiq bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva va boshqalar ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sudning muzokara qismi yakunlandi. Ayblanuvchilar so‘nggi so‘zlarini aytishdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Sudning muzokara qismida sudlanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva va Alisher Dadamatov o‘z muzokara so‘zlarini o‘qib eshittirdi. Ular suddan barcha taqdim etilgan dalil va isbotlarni inobatga olgan holda oqilona va adolatli hukm chiqarishni so‘rashdi.

Muzokara so‘zlari o‘qib eshittirilgach, aniqlangan holatlar yuzasidan Yo‘ldoshevaning advokati Xushnud Ahrorov sudga iltimosnoma kiritdi. Advokat o‘z iltimosnomasida dastlabki tergov jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatoliklar yuzasidan sud tomonidan xabarnoma berishni so‘radi.

Raislik etuvchi tomonidan sud majlisi ishtirokchilariga oxirgi so‘z berildi. Shundan so‘ng sud hukm chiqarish uchun o‘z maslahatxonasiga kirdi.

Sud majlisi 29 martgacha tanaffus e'lon qildi. Shu kuni ish bo‘yicha hukm e'lon qilinadi va dastlabki instansiya sudi o‘z ishini yakunlaydi.

Top