15:49 / 29.03.2021
26107
«Avto oltmish oy» MChJ ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi

2021 yil 29 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida “Avto oltmish oy” MChJ mas'ullariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, sudlanuvchilar J.Bahodirov (1996 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, “Avto oltmish oy” MChJ rahbari), O.Mirzayev (1986 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, ishsiz), E.Qurbonov (1980 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, ishsiz), M.Gulmirzayeva (1985 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, “Avto oltmish oy” MChJ bosh hisobchisi) va M.Hakimova (1981 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, “Avto oltmish oy” MChJ maslahatchisi)ga nisbatan jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi sudyasi D.Valiyev tomonidan ko‘rib chiqildi.

E'lon qilingan sud hukmiga ko‘ra:

  • J.Bahodirov Jinoyat kodeksi 179-moddasi (soxta tadbirkorlik), 184-moddasi (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 2-qismi “a” bandi va 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlar yuz bermaganligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksi 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 1-bandiga asosan aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etildi hamda jinoyat ishining shu qismlari tugatildi. J.Bahodirov Jinoyat kodeksi 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a”, “b” bandlari, 188-1-moddasi (qasddan bankrotlikka olib kelish) 2-qismi “b”, “v” bandlari va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga uzil-kesil o‘tash uchun 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi;
  • O.Mirzayev Jinoyat kodeksi 179-moddasi, 184-moddasi 2-qismi “a” bandi va 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlar yuz bermaganligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksi 83-moddasi 1-bandiga asosan aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etildi hamda jinoyat ishining shu qismlari tugatildi. O.Mirzayev Jinoyat kodeksi 168-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlari, 188-1-moddasi 2-qismi “b”, “v” bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga uzil-kesil o‘tash uchun 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi;
  • E.Qurbonov Jinoyat kodeksi 179-moddasi, 184-moddasi 2-qismi “a” bandi va 3-qismi hamda 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar yuz bermaganligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksi 83-moddasi 1- va 3-bandlariga asosan aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etildi hamda jinoyat ishining shu qismlari tugatildi. E.Qurbonov Jinoyat kodeksi 168-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlari va 188-1-moddasi 2-qismi “b”, “v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga uzil-kesil o‘tash uchun 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi;
  • M.Gulmirzayeva Jinoyat kodeksi 179-moddasi, 184-moddasi 2-qismi “a” bandi va 3-qismi hamda 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar yuz bermaganligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1- va 3-bandlariga asosan aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etildi hamda jinoyat ishining shu qismlari tugatildi. M.Gulmirzayeva Jinoyat kodeksi 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “v”, “g” bandlari, 168-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlari, 188-1-moddasi 2-qismi “b”, “v”bandlari, 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “b” bandi va 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. M.Gulmirzayevaga Jinoyat kodeksi 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida, 2019 yil 7 noyabrdan 20 noyabrga qadar dastlabki qamoqda saqlangan 14 kun muddatini ozodlikdan cheklashning bir kuniga tenglashtirib hisobga olgan holda o‘tash uchun uzil-kesil 4 yil 11 oy 16 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi;
  • M.Hakimova Jinoyat kodeksi 179-moddasi, 184-moddasi 2-qismi “a” bandi va 3-qismi hamda 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar yuz bermaganligi sababli Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1- va 3-bandlariga asosan aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etildi hamda jinoyat ishining shu qismlari tugatildi. M.Hakimova Jinoyat kodeksi 168-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlari va 188-1-moddasi 2-qismi “b”, “v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, Jinoyat kodeksining 70-moddasi (shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotishi munosabati bilan uni jazodan ozod qilish)ga asosan jazodan ozod qilindi.

Jinoyat oqibatida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi hamda jinoyat ishi yuzasidan xatlangan pul mablag‘lari va mol-mulk sotuvidan tushgan pullarni proporsional tartibda jabrlanuvchilarga taqsimlash belgilandi.

Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan manfaatdor taraflarga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zarar bo‘yicha fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanliklari hamda sudlanuvchilar va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilishning qonunda belgilangan tartibi va muddati tushuntirildi, deyiladi xabarda.

Tergov ma'lumotiga ko‘ra, “Avto oltmish oy” MChJ ta'sischisi va boshqa mansabdorlari fuqarolarga foizsiz, pulini 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan avtotransport olib berishni va'da qilib, odamlardan transport vositasi turiga qarab 2 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha pul olgan, 16 mingdan ortiq mijozdan jami 57 milliard 412 million so‘m yig‘ilgan.

Jabrlanuvchilarga yetkazilgan umumiy zararning undirilgan qismi 34 milliard 148 million so‘m bo‘lib, shundan naqd pul shaklidagisi 26 milliard so‘m, xatlangan mol-mulklar esa 8 milliard 148 million so‘mdan iborat. Kamomad 23 mlrd 264 mln so‘mni tashkil etgan.

Top