14:30 / 30.03.2021
3447
«Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ: viloyatga yangi tarmoqlar qurish uchun zarur elektr uskunalar olib kelindi

Ma'lumki, 24 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi bo‘lib o‘tgandi.

Ta'kidlash joizki, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan, o‘z navbatida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlashga qaratilgan reja-dasturlar ishlab chiqilib, unga asosan hududlarga yangi elektr tarmoqlari qurish, rekonstruksiya-modernizatsiya ishlarini bajarish uchun zarur bo‘lgan elektr jihozlar yetkazib berilishi ta'minlanmoqda.

Xususan, kuni kecha birinchilardan bo‘lib Xorazm viloyatiga 80 ta turli quvvatdagi transformator, 13,654 km uzunlikdagi zamonaviy kabellar va boshqa zarur elektr uskunalar ortilgan katta yuk mashinalar karvoni yetib keldi.

– Elektr tarmoqlari qurish uchun viloyatimizga bunday katta hajmdagi elektr jihozlari yetib kelishi bizni yanada mas'uliyat bilan ishga kirishishga, belgilangan reja asosidagi elektr tarmoqlarini birinchilardan bo‘lib qurib bitkazishga undamoqda. Bundan tashqari, viloyatimizdagi 22 ta qishloqda «Obod qishloq», 4 ta mahallada «Obod mahalla» dasturlari bo‘yicha ham ishlar jadal sur'atlar bilan olib borilayotganini e'tirof etish joizdir. O‘z navbatida, joriy yilning o‘tgan 3 oyi davomida aynan «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida 20 ta transformator yangidan o‘rnatildi, 77 tasi joriy va mukammal ta'mirlandi. 25,2 km uzunlikdagi elektr tarmoqlari yangidan qurildi, 86,3 km uzunlikdagi elektr tarmoqlari joriy va mukammal ta'mirlandi. Yil yakunigacha esa bu boradagi ko‘rsatkich mos ravishda 224 km va 146 ta transformator punktini yangidan qurish va ta'mirlash rejalashtirilayotgan bo‘lsa, bundan 22 tasi yangi qurilish, 124 tasi joriy va mukammal ta'mirlanadigan transformatorni, 33,3 yangi qurilishi lozim bo‘lgan 190,7 km uzunlikdagi joriy va mukammal ta'mirlanadigan tarmoqlarni tashkil etishi rejalashtirilayotganini qayd etib o‘tmoqchiman. Bu kabi sa'y-harakatlarimiz natijasida yillar davomida elektr energiyasi ta'minoti yaxshi bo‘lmagan ko‘plab aholi xonadonlari va tadbirkorlik sub'yektlari sifatli elektr energiyasidan bahramand bo‘ladi, – deydi «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ bosh direktori Suxrob Berigin.

Ma'lumot o‘rnida, joriy yilning o‘tgan davrida Xorazm viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017-2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash dasturi to‘g‘risida»gi 2661-sonli qarori asosida uzunligi 85,2 km bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlari va 148 ta transformator punktlarida qurilish va ta'mirlash ishlari olib borildi.

«Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati

Top