11:54 / 31.03.2021
4358
O‘zbekiston va Xitoy ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi narxi bo‘yicha ma'lumotlarni ochiqlamaslik to‘g‘risida davlatlararo shartnoma imzolagan
Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston va Xitoy ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining narxi bo‘yicha ma'lumotlarni ochiqlamaslik to‘g‘risida davlatlararo shartnoma imzolagan. Bu haqda O‘zbekistonda ZF-UZ-VAC2001 vaksina sinovlari jarayonlari haqida ma'lumot beruvchi “Vaksinauz” kanali xabar qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston mazkur vaksinaning hammuallifi bo‘lgani va vaksinaning III faza sinovlarida faol ishtirok etgani bois vaksina ishlab chiqarish narxlarida O‘zbekistonga sotilgan.

“Ya'ni, O‘zbekiston tomonidan vaksinaning faqatgina ishlab chiqarish xarajatlari qoplanyapti”, deyiladi kanalda e'lon qilingan ma'lumotda.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi 1 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga qarshi ilk vaksina davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani haqida xabar berdi.

«Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinani yaratishda O‘zbekistonning hissasi va ca'y-harakatlarini inobatga olib, ZF 2001 vaksinani birga yaratgan hammuallif mamlakat sifatida belgiladi. Ushbu yangi vaksinani ZF-UZ-VAC2001 nomi bilan birgalikda ishlab chiqarish va foydalanishga kelishilgani bildirildi. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi xabariga ko‘ra, bugun, 2021 yil 1 mart kuni ZF-UZ-VAC2001 koronavirusning yangi tipiga qarshi rekombinant (CHO cell) vaksina tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi», deyilgandi SSV xabarida.

Ma'lumot uchun, Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nurmat Otabekov O‘zbekistonda koronavirusga qarshi ommaviy emlash tadbirlari 2021 yilning 1 aprelidan boshlanishini ma'lum qilgan. Birinchi galda katta shaharlarda, keyinroq tumanlardagi aholini emlash ishlarini olib borish rejalashtirilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, emlash jarayonida AstraZeneca hamda ZF-UZ-VAC2001 vaksinalarining har ikkalasidan ham foydalaniladi. Aprel oyida birinchi galda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari, Toshkent shahri va boshqa katta shaharlarda aholini emlash ishlari boshlanadi. May oyida tumanlar va kichik shaharlar aholisi emlanadi. Qolgan aholi qatlamini emlash esa iyun oyida amalga oshiriladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top