18:09 / 01.04.2021
10699
Prezident: «Endi bemorlarning poytaxtga kelib, ovora bo‘lishlariga chek qo‘yishimiz kerak» 

Bugun, 1 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida videoselektor bo‘lib o‘tmoqda. Kengaytirilgan tadbirda barcha vazirlar, qo‘mitalar, viloyatlar hokimlari ishtirok etyapti. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, koronavirus infeksiyasining oldini olish va tibbiyotdagi islohotlarni jadallashtirish chora-tadbirlariga qaratilgan yig‘ilishda Sirdaryo viloyati misolida tibbiyot muammolari hamda yangi tajribalar muhokama qilindi. 

Qayd etilishicha, davlat rahbari bemorlarning Toshkentga qatnab, ovora bo‘lishiga e'tibor qaratdi.

“Yaqinda shunday tizim yaratamiz. Toshkentga kelgan bemorlarni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i kelib, qaytarib olib ketadi. Chunki har bir viloyatda sharoitlar yaratyapmiz. Poytaxtdan mutaxassislar borib, joylarda o‘qityapti. Endi bemorlarning ovora bo‘lishlariga chek qo‘yishimiz kerak. Sog‘liqni saqlash vaziri belgilab bergan holatlardan tashqari kasalliklarni Toshkentga kelmasdan viloyatlarning o‘zida davolashni amalga oshirishimiz zarur. Albatta, shoshilinch holatlar, murakkab operatsiyalar bundan mustasno”, dedi davlat rahbari. 

Avvalroq, prezident tibbiyot juda og‘ir ahvolda ekanini ma'lum qilgandi.

“Biz islohotlarni boshlaganda ikkita masalaga jiddiy e'tibor qaratganmiz – sog‘liqni saqlash va tinchlik-osoyishtalik. Umuman, ta'lim bilan tibbiyot hayot-mamot masalasi. Tibbiyot juda og‘ir ahvolda. Qanday og‘ir bo‘lmasin, buni tan olishimiz kerak. Mana, bir necha vazirlarning o‘rinbosarlarini o‘zim qisqartirib yubordim. Chunki byurokrat bo‘lib qolgan ular”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Top