20:45 / 02.04.2021
46108

Shuhrat Abdurahmonov - memga aylangan surati, tabaqalashuv va «muhtaram prezident» so‘zini ko‘p qo‘llashi haqida

Kun.uz viloyatlar hokimlari bilan intervyular tashkil etmoqda. Dastlabki suhbatdoshimiz – Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov bo‘ldi.

Intervyu o‘tgan hafta e'lon qilinib, ilk qismi matnlashtirilgan holda taqdim etilgan edi. Quyida suhbatning ikkinchi qismi matni juz'iy qisqartirishlar bilan e'lon qilinmoqda.

— Bir necha oy avval sizning olov yoqib, stulda o‘tirgan suratingiz ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab memlarga sabab bo‘ldi. Voqea aslida qanday bo‘lgan edi?

Foto: Andijon viloyati hokimligi

— Bu suratga salbiy fikr bildirganlarga mening ham qo‘shtirnoq ichidagi salbiy javoblarim bor: umrlari uzoq bo‘lsin.

Bu voqea Asaka tumanidagi Ulug‘bek degan mahallada bo‘lgan edi. Menga ma'lumot berishlaricha, bu mahalla tumandagi ahvoli eng og‘ir mahalla bo‘lgan. Shuni bilgach bu mahallaga qo‘qqisdan bordim. Adirlik tepasidagi mahalla ekan. Pastda qor yo‘q, lekin mahallada qor bor. Aholisining 50-60 foizi – tojik, 40 foizi esa o‘zbeklar.

Mahalla ahvoli shundayki, yo‘llarda yurib bo‘lmaydi, elektr simyog‘ochlar yo‘q, suv yo‘q, maktab-bog‘chani gapirmayman, ishlab chiqarish, ishchi o‘rni haqida gapirish ham mumkin emas.

Qishloqqa tushdan keyin yetib bordim. Tushlik ham qilmagandim. Havo juda sovuq. Borganimdan keyin odamlar to‘plandi. Muammolarini aytishni boshladi. Ularning o‘sha kungi kayfiyati juda yomon, norozi edi. Xo‘sh, men qaysi vijdon bilan ularni shu sharoitda tashlab ketaman?

Odamlar menga uyga kirishni taklif qildi. Men uyga kirmadim, faqat turgan joyimda olov yoqib berishlarini so‘radim. Bittasi uyidan stul olib chiqib berdi.

Shundan keyin gaz, suv, elektr, umuman, viloyatning barcha soha rahbarlarini shu yerga chaqirtirdim. Ular kelguncha shu sovuqda o‘tirdim. Nima, bu tanqidlar, qanaqadir rasmlar chiqarishlari shu qilgan mehnatlarimga rahmatmi?

O‘sha memlarni chiqarayotgan mening do‘stim, o‘zing o‘sha joyda 1 soat o‘tirib ko‘r-chi.

Oradan 45 kun o‘tdi. Hozir borib ko‘ring-chi, o‘sha joydagi xalqning kayfiyati qanday ekan?

Yo‘lini ko‘ring, suvini ko‘ring, elektrini ko‘ring. Shuningdek, mahalladagi 410ta xonadonga adirning tepasida 410ta issiqxona qurdirib berdim. Yaqinda shu mahallaga yana borib keldim. Xalq juda xursand.

Mening stolda o‘tirgan suratlarimdan ham negativ topayotganlarga ham Xudo bor. Bugun so‘z erkinligi deyilyapti va biz ham bunga sabr qilib, tishimizni tishimizga qo‘yib, chidab boryapmiz.

Lekin menga eng asosiysi, oddiy xalq bu ishimizdan xursand. Menga shu kerak.

Yana bir narsani aytishim kerak, mana shu ishni qilayotganlar, tanqid qilayotganlar bo‘yicha bizda ham ma'lumot bor. Ular andijonlik emas. Chetdan turib, haqiqiy ahvolni bilmay turib tanqid qilishyapti.

— Siz viloyat hokimi, ya'ni ijro hokimiyati vakili va ayni paytda senator, qonun chiqaruvchi hokimiyat vakili hamsiz. O‘zbekistondagi bu mantiqsiz amaliyotga qachon chek qo‘yiladi deb o‘ylaysiz?

— Bilasizmi, biz hozir o‘tish davridamiz. Hamma narsaning birdaniga bo‘lishi yaxshilikkayam, yomonlikkayam xizmat qilib qolishi mumkin. Shu ma'noda masalaga faqat bir tomonlama emas, ikkinchi tomondan ham o‘ylab ko‘rib, qadam bosilsa menimcha yaxshi bo‘ladi.

Kengash raisi va hokim bir kishi bo‘lishiga barham berilsa, yutaman, yutqazaman degan ma'noda gapirmayapman. Hamma narsa bosqichma-bosqich bo‘lgani yaxshi.

Hozir biz chetdan qaraganda oson ko‘ringan, lekin juda murakkab jarayonlarni bosib o‘tyapmiz.

Biz ham xohlaymiz, hamma narsa bugun bo‘lishini. Lekin hamma narsa cho‘ntakka, hisob-kitobga qarab bo‘lishi kerak. Viloyat ham bitta oila, oilalar daromadi esa sekin-asta oshib boradi. Hozirgi tempda ketsak, siz aytgan narsa ham tez orada bo‘ladi.

— Hokimlarni xalq saylashi masalasi-chi?

— Buyam bo‘ladi. Uni bugun, ertaga bo‘ladi deb [aniq muddatini] aytish vakolati menda yo‘q. Lekin hozirgi rivojlanish sur'atimizga qarab aytilsa, u jarayonga ham tez orada kelamiz.

Men bunga hokim sifatida tayyorman.

O‘zbekistonda hokimlar deyilganda ko‘z o‘ngimizda yuqoridan kelgan har qanday topshiriqni shunchaki so‘zsiz bajaradigan kishilar gavdalanadi. Bu hokimlarga tashabbuslar yetishmasligimi, qonun talabimi yoki joylardagi eskicha ish tizimimi?

— Birinchidan, avvalgi hokimlik bilan hozirgi hokimlikni solishtirib bo‘lmaydi. Yuqorida aytganimdek, avval hokimlarda hech narsa yo‘q edi. Na moliyaviy, na vakolat jihatdan.

Hokimlarning salohiyati yetmaydi degan gap yo‘q. Ularga yuqoridan keladigan topshiriqlar ham barchasi xalqning manfaatini o‘ylagan holda yuboriladi. Hokimlarning qilayotgan ishi ham shunday.

Bu yerda masalaning nima ekanligiga ham qarash kerak. Ayrim masala respublika miqyosida hal bo‘ladi, ayrimlari viloyat va yana ayrimlari tuman.

Qaytaraman, xalqni rozi qilish borasida qanday tashabbus bo‘lsa, biz uni amalga oshirishga tayyormiz.

h4T8TfA35uWvu_2MPxc-R6o6JEFlcDaF.jpg (962×600)

— Bugungi kunda O‘zbekistondagi aksar shahar markazlarini uy qurilishi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar sotib olyapti. Ammo ular qurib berayotgan uylar narxi juda qimmat. Bu uylarni faqat aholining boy qatlamigina sotib olishi mumkin. O‘rta va kam ta'minlangan aholi esa asosan shahar chetidan uy oladi.

Nima deb o‘ylaysiz, uy-joylar qimmatligi tabaqalashuv kuchayishiga xizmat qilib qolmayaptimi?

— Bilasizmi, tabaqalashuv baribir bo‘ladi. Qaysi ma'noda, masalan, bir nafar farzandi bor odam 100-200 kv.li uy sotib olmaydi. 5 nafar farzandi bor odam esa shunga yarasha yo‘l tutadi.

Qolaversa, bugun Andijonda uylar narxi orasida juda katta farq yo‘q. Eshityapmiz, qayerlardadir juda qimmat uylar bordir, lekin o‘zingiz ham o‘rganib ko‘rsangiz bo‘ladi, narxlar o‘rtasida farq juda katta emas. Masalan, biz hozir 35 ta ko‘p qavatli uy quryapmiz. Bunda tijoriy 24ta va Qishloqqurilishinvest uylari 11ta. Ular orasidagi narxlarga e'tibor bering, tayyor holatdagi tijorat uylarining 1 kvadrati 3,9–4 millionga tushyapti, olyapti odamlar.

Biz arzon degan va Qishloqqurilishinvest qurayotgan uylarning kvadrati ham 3,5–3,6 mln so‘m. Ya'ni ularning orasida farq juda katta emas.

Qayerlardadir kvadratini 7, 8, 10 million deyayotgan bo‘lishi mumkin, boshqa joylarga baho bera olmayman, lekin Andijonda uylar narxida katta tabaqalashuv yo‘q.

Albatta, uyning qurilishi, xonalar jihozlanishi, joylashuvi, xaridorning talabidan kelib chiqib ham o‘zgartirib berayotganlar bor. Tadbirkorlar uy maketini yasab ko‘rsatgach, xaridor o‘z istagiga ko‘ra unga o‘zgartirish kiritishni so‘rashi mumkin, narx ham shunga yarasha o‘zgaradi. Lekin umumiy qilib aytganda, Andijonda qurilayotgan yangi uy-joylar narxida juda unaqa katta tabaqalashuv yo‘q.

Endi bilasizmi, xohlaysizmi-yo‘qmi, bu baribir bo‘ladi. Sababi, kimdir ko‘proq mehnat qilib, tadbirkorlik qilib, ko‘proq pul topib, hashamatliroq uyda yashagisi keladi. Kimdir endi intilyapti, lekin hashamatli uy ololmaydi, intilsa, u ham bir kun shu darajaga yetar. Hozir tadbirkorlikka e'tibor oshyapti, ko‘plab katta-katta tadbirkorlar paydo bo‘lyapti. Ular puliga yarasha, talabiga qarab uy qurdiradi. Bu – hayot.

— Lekin bu baribir e'tibor qaratish kerak bo‘lgan jihat.

— Kuni kecha hurmatli prezidentimiz ipoteka dasturi bo‘yicha yangi qarorga qo‘l qo‘ydi. Ipoteka uylar masalasida juda katta imkoniyat yaratildi. Bunda to‘lanadigan boshlang‘ich to‘lovlar kamaydi. Keyingi to‘lanadigan summalarning ma'lum foizini ham davlat to‘lab beradigan qilingan.

Qarorda ipoteka asosida sotiladigan yangi uylarning 1 kvadrati narxini narxini [qishloq joylarda] 4 milliondan oshirilmaslik ham belgilab qo‘yilgan.

— Turli davlat tadbirlari, selektorlarda hokimlar prezidentga turlicha murojaat qiladi. Masalan, siz prezidentga nisbatan ko‘p bor «muhtaram» so‘zini qo‘shgan holda murojaat qilasiz.

Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, siz bir yig‘ilishda prezidentga 81 marta, yana boshqasida 108 marta «muhtaram prezident» deya murojaat qilgansiz. Bu nima, hurmatmi? Agar hurmat bo‘lsa, uni bir marta aytib ham isbotlash mumkin emasmi?

— Avvalo, shunday bekorchilarning otasiga ming marta rahmat. O‘tirib olib, necha marta gapirganimni sanashdan boshqa ishi qolmagan bo‘lsa, otasiga ming marta rahmat. Yana sanayversin.

Ikkinchidan, prezident – yurtning otasi. Men otamga ham shunaqa murojaat qilganman. Otam rahmatli bilan ham gaplashganimda ikki gapimning birida «ota» deb murojaat qilganman.

O‘tirib olib, gapimni sanashdan boshqa ishi yo‘q bekorchilarga «umring uzoq bo‘lsin, sanayver», deyman. Lekin men bundan qaytmayman. Faqat men emas, hamma shunaqa bo‘lishi kerak.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Otaxon Yusupov.

Top