15:31 / 02.04.2021
2604
Tomorqa xo‘jaligi egalari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomini olishi mumkin

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunga imzo chekdi. Tomorqa xo‘jaligi egalari qonunchilikda belgilangan tartibda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomini olishi mumkin.

Foto: agronet.uz

Tomorqa xo‘jaligi shaxsiy yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini oila ehtiyojlari va erkin savdo uchun yetishtiradigan faoliyat turi bo‘lib, tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi. Shuningdek, tomorqa xo‘jaligini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab etilmaydi.

Qonunga ko‘ra, endilikda tomorqa xo‘jaligida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi shaxs aholi bandligi to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomini olishi mumkin.

Ushbu qonun bilan tomorqa xo‘jaliklarini yuritishni tashkil etish va ularni rivojlantirish sohasidagi munosabatlar tartibga solinadi.

Tomorqa xo‘jaligidagi faoliyat shaxsiy tomorqa yer uchastkasi egasining va oila a'zolarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi.

Maydoni kamida 0,04 gektar bo‘lgan shaxsiy tomorqa yer uchastkasida band bo‘lgan yoki mazkur maydonda shoxli qoramol yoxud kamida ellik bosh parranda boqayotgan shaxsiy tomorqa yer uchastkasining egasi yoki uning oila a'zolari ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin.

Bunda, shaxsiy tomorqa yer uchastkasining egasi yoki uning oila a'zolari ijtimoiy soliqni ixtiyoriy asosda to‘laydi. Ijtimoiy soliqning belgilangan miqdorini to‘lash mehnat stajini hisoblab chiqarish chog‘ida bir kalendar yili deb hisobga olinadi. Ijtimoiy soliqni to‘lash tartibi O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilanadi.

Tomorqa xo‘jaligini yuritishda tomorqa yer uchastkasida joylashgan turar joy, ishlab chiqarish, maishiy va boshqa binolar, shuningdek transport vositalari va qishloq xo‘jaligi texnikasi, ashyolar, asbob-uskunalar, qishloq xo‘jaligi hayvonlari, asalarilar, parrandalar, ipak qurti (pilla) va boshqa mol-mulkdan foydalanilishi mumkin.

Shuningdek, qonunda shaxsiy tomorqa yer uchastkasiga qanday yerlar kiritilishi aytilgan. Unga ko‘ra, shaxsiy tomorqa yer uchastkasi tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish yoxud yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish maqsadida ajratilgan yer uchastkasi hisoblanadi.

Tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun:

  • erkin savdo va oila ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish maqsadida ushbu qonun kuchga kirguniga qadar meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlar, o‘rmon fondi yerlari hamda aholi punktlari yerlaridan berilgan yer uchastkalaridan;
  • meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalaridan foydalanilishi mumkin.

Umrbod egalik qilish huquqi asosida berilgan shaxsiy tomorqa yer uchastkalari yoki ularning bir qismi meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi saqlab qolingan holda jismoniy va yuridik shaxslarga vaqtincha foydalanish uchun topshirilishi mumkin.

Yer uchastkalarini tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun berish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Tomorqa xo‘jaligidagi faoliyat shaxsiy tomorqa yer uchastkasi egasining va oila a'zolarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi.

Maydoni kamida 0,04 gektar bo‘lgan shaxsiy tomorqa yer uchastkasida band bo‘lgan yoki mazkur maydonda shoxli qoramol yoxud kamida ellik bosh parranda boqayotgan shaxsiy tomorqa yer uchastkasining egasi yoki uning oila a'zolari ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin.

Bunda, shaxsiy tomorqa yer uchastkasining egasi yoki uning oila a'zolari ijtimoiy soliqni ixtiyoriy asosda to‘laydi. Ijtimoiy soliqning belgilangan miqdorini to‘lash mehnat stajini hisoblab chiqarish chog‘ida bir kalendar yili deb hisobga olinadi. Ijtimoiy soliqni to‘lash tartibi O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilanadi.

Tomorqa xo‘jaligini yuritishda tomorqa yer uchastkasida joylashgan turar joy, ishlab chiqarish, maishiy va boshqa binolar, shuningdek transport vositalari va qishloq xo‘jaligi texnikasi, ashyolar, asbob-uskunalar, qishloq xo‘jaligi hayvonlari, asalarilar, parrandalar, ipak qurti (pilla) va boshqa mol-mulkdan foydalanilishi mumkin.

Shaxsiy tomorqa yer uchastkalaridan tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun foydalanuvchi shaxslar quyidagi huquqlarga ega:

  • tomorqa xo‘jaliklarini erkin va mustaqil ravishda boshqarish, shu jumladan, yetishtirilgan hamda mustaqil tarzda qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini erkin realizatsiya qilish, mustaqil ravishda narx belgilash va olingan daromadlarni tasarruf etish;
  • o‘zi yetishtirgan yoki qayta ishlagan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini bozorlarda, savdo shoxobchalarida mustaqil ravishda yoki o‘z vakillari orqali moneliksiz va erkin realizatsiya qilish;
  • agroklasterlar bilan hamkorlik qilish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi kooperativlariga ixtiyoriy ravishda a'zo bo‘lish;
  • issiqxonalar tashkil etish, urug‘liklar, ko‘chatlar, chorva mollari hamda parrandalar, qishloq xo‘jaligi ashyo-anjomlari va uskunalari, sug‘orish qurilmalari (nasoslar, artezian quduqlar va boshqalarni) sotib olish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlardan, shu jumladan, imtiyozli kreditlardan, subsidiyalardan va boshqa preferensiyalardan foydalanish;
  • O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga ixtiyoriy ravishda a'zo bo‘lish;
  • yerga oid tashkilotlarning hamda xizmat ko‘rsatuvchi boshqa tashkilotlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va realizatsiya qilishga doir xizmatlaridan foydalanish;
  • shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida davlat organlarining, shu jumladan, arxitektura-qurilish, ekologiya, sanitariya-gigiyena organlarining hamda yong‘in xavfsizligini ta'minlovchi organlarning ruxsatnomasini olish zaruratisiz yengil konstruksiyalardan issiqxonalar qurish;
  • suv resurslaridan foydalanish.

Shaxsiy tomorqa yer uchastkalaridan tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun foydalanuvchi shaxslar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Shaxsiy tomorqa yer uchastkalaridan tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun foydalanuvchi shaxslar:

  • yer uchastkalaridan maqsadli va oqilona foydalanishni ta'minlashi, shu jumladan, yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish yoki obodonlashtirishni amalga oshirishi;
  • tuproq unumdorligini saqlash va oshirish choralarini ko‘rishi;
  • suv resurslaridan oqilona va tejab foydalanishi;
  • uy-joy qurish huquqisiz ajratilgan yer uchastkalarida binolar va inshootlar qurmasligi;
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda ekologiya hamda sanitariya talablari va normalariga rioya etishi shart.
Top