Vazirlar Mahkamasining 18.03.2018 yildagi 205-son «Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 10.10.2017 yildagi PQ–3318-son qarori bilan tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish tartibini buzayotgan yer egalariga nisbatan qo‘llaniladigan choralar belgilangan:

• yer solig‘ining 3 barobar oshirilgan miqdori – yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalarining tomorqa qismida asossiz ravishda qishloq xo‘jaligi ekinlari ekmagan yoki uni obodonlashtirmaganda;
• yer uchastkasiga bo‘lgan huquq bekor qilinadi – dehqon xo‘jaligi yuritish uchun uy-joy qurish huquqisiz berilgan yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi ekinlari ekmaganda. 
 
Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan qarorda bunday yerlardan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida mazkur sanksiyalarni qo‘llash mexanizmlari belgilangan.
 
1-bosqich. Samarali foydalanish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish
 
Tuman hokimining qaroriga muvofiq tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish holatini o‘rganish bo‘yicha tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining raisi boshchiligida ishchi guruh tashkil etiladi. Uning tarkibiga mazkur kengash, shuningdek quyidagi tuman bo‘linmalari vakillari kiradi: qishloq xo‘jaligi bo‘limi, suv xo‘jaligi bo‘limi, yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, kasaba uyushmalari, xotin-qizlar qo‘mitasi, bandlikka ko‘maklashish markazi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengash, davlat soliq inspeksiyasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar hamda profilaktika inspektori.
 
Ishchi guruh har yili xonadonma-xonadon yuradi. Tomorqa yer uchastkalari maydonlari, tuproq-iqlim sharoiti va suv ta'minotidan kelib chiqib ekin turlari, mevali daraxtlar turi va soni, chorva mollari va parrandalar soni, shuningdek, ularning yil davomida tomorqa yer uchastkasida yetishtiriladigan mahsulot turlari va sotish hajmlari hamda issiqxona barpo etish, chorva mollari va parranda boqishga bo‘lgan xohish o‘rganib chiqiladi.