20:59 / 02.04.2021
13933

Xitoy-Eron strategik sherikligi Yaqin Sharqqa qanday ta'sir qilishi mumkin?

Foto: Reuters

O‘tgan haftada Xitoy va Eron o‘rtasida muhim kelishuv imzolandi. Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari Van I va Muhammad Javod Zarifning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kelishuv bilan «25 yil davom etadigan strategik sheriklik» o‘rnatildi.

Shartnomaning tafsilotlari hali ma'lum qilinmagan, ammo Xitoy AQSh tomonidan kiritilgan sanksiyalarni chetlab o‘tish orqali Erondan neft sotib oladi va evaziga Eronga sarmoya kiritadi. Chunki Eron sanksiyalar tufayli xorijiy sarmoyalardan mahrum bo‘lmoqda.

Ushbu shartnoma Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» nomi bilan tanilgan ulkan infratuzilma loyihasining bir qismidir. Ushbu loyiha orqali Pekinning global kuch sifatida «quloch yozish»da davom etishiga imkon beruvchi aloqalarni yaratish maqsad qilingan.

O‘tgan yili mazkur hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasi oshkor bo‘lganda ba'zi eronliklar Xitoyning maqsadlariga shubha bilan qarashgandi. «Bir makon, bir yo‘l» loyihasi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar, asosan, Xitoyga foyda keltiradi.

Ba'zi kichik va kambag‘al mamlakatlar (ko‘plab mamlakatlar Xitoydan kichik va kambag‘alroq) avvalboshda jozibali ko‘rinadigan ushbu shartnomalarni imzolagach, o‘z «bo‘ylaridan baland» ishga kirib qolganliklarini anglashdi.

Garchi, Xitoydan kichikroq bo‘lsa-da, tabiiy boyliklari va faol tashqi siyosati bilan hamon katta davlat maqomida turgan Eron uchun vaziyat boshqacharoq. Xitoy bilan kelishuv Eronning AQSh bilan ziddiyatida ham o‘ziga xos rol o‘ynaydi. Eron ham, Bayden ma'muriyati ham Eronning yadro faoliyatini tartibga soluvchi Keng qamrovli qo‘shma harakat rejasi (JCPOA – The Joint Comprehensive Plan of Action) kelishuviga AQShning qaytadan qo‘shilishini e'lon qilgandi.

AQShning avvalgi prezidenti Donald Tramp ushbu kelishuv Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga to‘sqinlik qilish o‘rniga aksincha bu jarayonni yanada osonlashtirayotganini iddao qilib, 2018 yilda kelishuvdan chiqqanini e'lon qilgandi.

Muzokaralarda AQSh va Eron bir-biriga intizorlik bilan nigohini tikib turibdi, ammo ikki tomon ham birinchi bo‘lib «kiprik qoqmaslik»ka harakat qilmoqda.

Eron uchun JCPOA taraflaridan biri bo‘lgan Xitoy bilan strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzolash orqali neft savdosini ko‘paytirish - sanksiyalar tufayli vayron bo‘lgan iqtisodiyotni tiklash nuqtayi nazaridan juda muhim ahamiyatga ega.

Ammo kelishuv bundan ham ko‘proq narsani anglatadi. Ushbu bitim orqali Eron AQShga qarshi ko‘proq ta'sir kuchiga ega bo‘ladi.

O‘zidan oldingi ikki prezident singari Bayden ham tashqi siyosat markazini Yaqin Sharqdan uzoqlashtirib, foydali va strategik jihatdan muhim bo‘lgan Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga yo‘naltirishga harakat qilmoqda.

Ammo amalda bu mumkin emas, chunki Yaqin Sharqda AQSh manfaatlari uchun juda muhim bo‘lgan ko‘plab nuqtalar mavjud. Ulardan biri Eron va uning yadroviy maqsadlaridir.

AQShning Yaqin Sharqdagi raqiblari

AQSh bu mintaqadan na chekindi va oldinga qadam bosdi. Bu holat esa uning Yaqin Sharqdagi raqiblari uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.

Rossiya Suriya masalasiga aralashish orqali sobiq sovet ittifoqining avvalgi rolini tiklash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Xitoy esa AQSh o‘z istiqbol kuchini yo‘qotdi va u qaytadan tiklana olmaydi, degan fikrda. Shuning uchun ham bu mamlakat o‘zini dunyoning yuksalib borayotgan kuchi, deb bilmoqda. Bunday ulkan kuch tomonidan Yaqin Sharqning e'tiborsiz qoldirilishi esa mumkin emas.

Ko‘rfazdagi strategik hamkorlik Eronga qisqa muddatda erishiladigan foyda nuqtayi nazaridan, Xitoy uchun esa uzoq muddatli maqsadga erishish nuqtayi nazaridan muhimdir.

Xitoyning Yaqin Sharqdagi maqsadlari

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Ining Yaqin Sharq bo‘ylab qilgan safari faqat Tehron bilangina cheklanmagan.

Xitoy Kommunistik partiyasining ingliz tilidagi nashri China Daily besh maqsadni o‘z ichiga olgan reja Van tomonidan qanday izohlanganiga e'tibor qaratdi. Rejaning maqsadi «Falastin-Isroil muloqotini takomillashtirish, Eron bilan yadroviy kelishuvni qaytadan boshlash va mintaqada xavfsizlik tizimini yaratish orqali Yaqin Sharqda xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash» sifatida ifoda etilmoqda.

Bu – G‘arb diplomatlari tomonidan ham qo‘llangan iboralar. Sovuq urush tugaganidan keyingi davrda AQSh Yaqin Sharqni o‘z mulki sifatida ko‘ra boshladi. Yevropa Ittifoqidagi ittifoqchilariga esa ushbu mintaqaga moliyaviy yordam ko‘rsatishdan boshqa imkoniyat bermadi.

Xitoy Xalq ozodlik armiyasi Qizil dengiz sohilidagi Jibutida birinchi harbiy bazani tashkil etdi. Dunyodagi eng gavjum transport yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan ushbu nuqta AQSh armiyasining Afrika qo‘mondonlik bazasidan 10 km uzoqlikda joylashgan.

Pekin AQSh dengiz kuchlari o‘ziga qarashli deb biladigan Fors ko‘rfazida Eron qirg‘og‘i uchun ham xuddi shunday rejalar tuzayotgan bo‘lishi mumkinmi?

Bayden ma'muriyati JCPOA’ga qo‘shilish yo‘lini topishi mumkin, chunki bu AQShga foyda keltiradi. Biroq AQSh tobora yuksalib borayotgan kuch sifatida Xitoyning dunyodagi eng beqaror mintaqa – Yaqin Sharqda o‘ziga joy ochish uchun harakat qilayotganiga rozi emasdek.

Mavzuga oid
Top