09:45 / 03.04.2021
2133
Bojxona tizimida tovarlarni tasarruf etish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi bojxona tizimida tovarlarning namuna va sinamalarini tasarruf etish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hujjat bojxona xizmati organlarida bojxona ekspertizasini o‘tkazish tartibini jahon standartlariga moslashtirish, namuna va sinama olish jarayonlarini soddalashtirish hamda yanada takomillashtirish, tadbirkorlik sub'yektlariga qulay imkoniyatlar yaratish, shuningdek mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash maqsadida ishlab chiqilgan.

Quyidagilar belgilandi:

  • tovarlar namunalarini yoki sinamalarini olish mazkur tovarlarni identifikatsiyalash va O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasiga binoan tovar kodini aniqlash maqsadlarida amalga oshiriladi;
  • tovarlar namunalarini yoki sinamalarini tasarruf etish hamda bojxona ekspertizasidan o‘tkazish uchun zarur sarflash materiallari davlat bojxona xizmati organlarining har yilgi iste'molidan kelib chiqqan holda belgilangan tartibda xarid qilinadi;
  • tovarlar namunalari yoki sinamalari tovar partiyasining tarkibi va xususiyatlarini to‘liq ifodalashi, ma'lumotlar ishonchliligi uchun quyidagilar shaxsan javobgar bo‘ladi:
  • tovarlar erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilganda – bojxona organi mansabdor shaxsi;
  • tovar jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan taqdim etilganda – jismoniy yoki yuridik shaxsning mas'ul etib tayinlagan xodimlari;
  • namuna va sinamalarni olish surishtiruv, tergov, prokuratura va sud organlari qarorlari asosida amalga oshirilganda − ushbu qarorlarda mas'ul etib tayinlangan shaxslar.

O‘zbekiston bojxona organlari tizimida tovarlarning namunalari va sinamalarini tasarruf etish tartibi to‘g‘risida nizomda quyidagilar belgilangan:

  • bojxona chegarasi orqali o‘tkazilayotgan tovarlardan namunalar yoki sinamalarni tanlab olish tartibi;
  • ularni bojxona laboratoriyalariga taqdim etish tartibi;
  • tasarruf etish, saqlash va yo‘q qilish tartibi.
Top