18:07 / 06.04.2021
1582
Koreya parlamenti delegatsiyasi Senat raisi va Qonunchilik palatasi spikeri bilan uchrashdi

Bugun, 6 aprel kuni Senat raisi Tanzila Norboyevaning Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi spikeri Pak Byon Sok bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonning parlamentlararo munosabati jadallashgani ta'kidlandi. O‘zaro hamkorlik davrida tomonlar parlament faoliyati tajribasini o‘rganib, amaliyotga tatbiq etishmoqda.

Uchrashuv davomida Senat raisi Tanzila Norboyeva Koreya Respublikasi O‘zbekiston bilan nafaqat parlamentar aloqalarni yo‘lga qo‘ygani, balki iqtisodiy hamkorlikni ham muvaffaqiyatli olib borayotganini ta'kidladi. Iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida qator o‘zbek-koreys kompaniyalari faoliyati bunga misol bo‘la oladi. Shuningdek, Norboyeva Koreya Respublikasining Orol dengizi hududida yashovchi aholiga 1 million dollar miqdorida moddiy ko‘mak berganini alohida ta'kidlab, o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Tadbirda Koreya Respublikasi tomoni O‘zbekiston Respublikasi parlamenti tarkibida ayollarning ulushi 32 foiz ekani va bu juda quvonarli holatligini aytib o‘tdi. Chunki hatto Koreyada bu ko‘rsatkich 18 foizni tashkil etishi gapirildi. Undan tashqari, parlament yuqori palatasi rahbari T. Norboyeva O‘zbekiston-Koreya parlamentlari o‘rtasidagi aloqalar ikki tomonlama hamkorlikning yangi kun tartibi doirasida rivojlanib borayotganini ta'kidladi. Ma'lumot uchun, 2005 yildan beri O‘zbekiston Oliy Majlisining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi muvaffaqiyatli faoliyat olib boryapti. Senat raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev uning rahbaridir.

 Senatdagi uchrashuvdan so‘ng Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi delegatsiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi binosiga tashrif buyurdi. U yerda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov rahbarligida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Qonunchilik palatasidagi muzokaralar chog‘ida ham tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi parlamentlararo muloqotni yanada rivojlantirish kerakligini ta'kidlashdi.

 Uchrashuv chog‘ida Koreya parlamenti delegatsiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar faoliyati bilan ham tanishdi. 

Top