20:20 / 09.04.2021
17352

Tojikiston prezidenti Vorux anklavi Qirg‘izistondagi hech bir hudud bilan almashtirilmasligini aytdi

Imomali Rahmon Isfara va Vorux jamoati aholisini qo‘shnilar bilan tinch-totuv yashashga chaqirdi.

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Chegaraoldi va hududiy bahslar o‘zaro manfaatlar hisobga olingan holda va tomonlarning tasdiqlangan huquqiy bazalari asosida hal etilishi lozim. Bu haqda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Vorux jamoati aholisi bilan uchrashuvda aytdi.

«Xalqaro munosabatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qo‘shnilar o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, tolerantlik va tomonlarning milliy manfaatlarini hurmat qilish asosiga quriladi.

Shu sababli ta'kidlash lozimki, chegaraoldi va hududiy bahslar, davlat chegarasini va uning demarkatsiyasini kelishish murakkab jarayon bo‘lib, ko‘p vaqt va sa'y-harakat talab qiladi.

Tabiiyki, bunday bahslar o‘zaro manfaatlar hisobga olingan holda va tomonlarning tasdiqlangan huquqiy bazalari asosida hal etilishi lozim», – dedi u.

Rahmon Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasi boshlig‘i Qamchibek Tashiyevning Qirg‘iziston Tojikistonga Voruxni Botken oblastidagi boshqa uchastkaga almashtirishni taklif qilgani to‘g‘risidagi so‘zlarini izohlar ekan, Voruxni boshqa hududga almashtirish to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emasligini aytdi.

«Yana bir narsani ta'kidlamoqchiman, butun muzokaralar davrida, ya'ni 19 yil davomida Voruxni qandaydir boshqa hududga almashtirish to‘g‘risida gap bo‘lmagan va bo‘lishi ham mumkin emas», –dedi Tojikiston prezidenti.

U Isfara va Vorux jamoati aholisini qo‘shnilar bilan tinch-totuv yashashga chaqirdi.

Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara uzunligi 970 kmni tashkil qiladi. Sobiq ittifoq parchalangandan keyin bu chegarada 70ga yaqin bahsli qismlar qolgan, ular vaqti-vaqti bilan ikki davlat aholisi va harbiylari o‘rtasida mojaro chiqishiga sabab bo‘lgan.

Top