18:09 / 14.04.2021
990
Surxondaryoda haydovchi piyodalar yo‘lakchasida velosipedda o‘tayotgan shaxsni urib yubordi. Jabrlanuvchi vafot etdi

Surxondaryo viloyati Angor tumanida belgilangan me'yordan ortiq tezlikda harakatlanib kelgan haydovchi piyodalar yo‘lakchasi ustida velosipedda o‘tayotgan shaxsni urib yuborgan. Oqibatda u vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 13 aprel kuni M39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Angor tumani hududidan o‘tuvchi 1437 kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan.

Davlat raqami 75 C 376 MA bo‘lgan «Neksiya» haydovchisi Termiz-Angor yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotib, tezlikni belgilangan me'yordan oshirgan va piyodalar yo‘lakchasidan velosipedda o‘tayotgan, 1974 yilda tug‘ilgan shaxs O‘.R.ni urib yuborgan. Oqibatda, velosipedda harakatlangan shaxs og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etgan.

IIB YHXB xodimlari tomonidan mazkur yo‘l-transport hodisasida mashina tezligi o‘lchanganda u belgilangan me'yordan juda yuqori bo‘lgani va tormoz bergandan so‘ng 38 metrga surilib borgani ma'lum bo‘lgan.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur hodisa yuzasidan Angor tumani IIB tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.

Top