07:15 / 15.04.2021
6832

Bolgariya Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqishini e'lon qildi  

Foto: EPA

AQSh va NATO bo‘yicha ittifoqdosh davlatlar Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga qaror qilganidan keyin Bolgariya ham xuddi shunday qarorga keldi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Boyko Borisov e'lon qildi.  

«Bugun ushbu masala bo‘yicha dastlabki muhokamani o‘tkazdik va yaqin orada hukumat yig‘ilishini o‘tkazamiz hamda Afg‘onistondan qo‘shinlarimizni olib chiqamiz», deb aytgan Borisov. 

Ayni vaqtda Afg‘onistonda 120 nafar bolgariyalik askar va zobit harbiy xizmat o‘tamoqda. Ular harbiy bazalarning tashqi perimetri, «Bagram» aerodromi va Kobuldagi shtabni qo‘riqlash bo‘yicha vazifalarni bajarmoqda.     

AQSh 2001 yil 11 sentyabrdagi teraktdan keyin Afg‘onistonda harbiy amaliyot boshlashga qaror qilgandi. 2001 yil oktyabridan to shu kungacha davom etayotgan ushbu amaliyot AQSh tarixidagi eng uzoq davom etgan xorijiy harbiy kampaniya hisoblanadi. Ushbu kampaniyaning avj pallasi — 2010—2013 yillarda g‘arb davlatlarining Afg‘onistondagi qo‘shinlari soni 150 mingdan ko‘proqni tashkil qilgan. AQSh va NATOning asosiy jangovar kuchlari Afg‘onistondan 2014 yilda olib chiqilgan.  

Ta'kidlanishicha, hozirda Afg‘onistonda AQShning 3,5 ming va boshqa davlatlarning 7 mingga yaqin harbiysi bor.   

Top