14:47 / 19.04.2021
4428
Profilaktika inspektorlariga kommunal xizmatlardan foydalanish qoidalarini buzganlarga jarima qo‘llash vakolati berilmaydigan bo‘ldi
Foto: KUN.UZ

Joriy yil 19 aprel kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Quyi palataning joriy yil 7 aprel kuni bo‘lib o‘tgan majlisida ushbu loyiha qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lib, birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilingan edi. 

Loyiha bilan elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va jazo qo‘llash vakolati ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika (katta) inspektorlariga berilayotgani qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Amalda bu turdagi qoidabuzarliklar bilan Majburiy ijro byurosi organlari shug‘ullanib kelgan.

Muhokamalarda deputatlar ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika (katta) inspektorlariga qo‘shimcha tariqasida berilayotgan  vazifalar qator muammolarni keltirib chiqarishini ta'kidladi. Xalq vakillari fikricha, bu ularda asosiy ishidan tashqari ish ko‘lami ortishiga, manfaatlar to‘qnashuvi, korrupsion holatlar ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin. 

Munozaralarda ishtirok etgan IIV mas'ullari ham belgilanayotgan normalarga qo‘shilmasliklarini bildirib, bugungi kunda profilaktika inspektorlari zimmasiga ko‘plab vazifalar yuklatilayotgani, har qaysi jihatdan yondashilgan taqdirda ham qo‘yilgan vazifani bajarishga amaliy vaqt yetmasligini, qolaversa, profilaktika inspektorlari bu sohada alohida mutaxassis emasliklarini qayd etdilar. 

Qonun loyihasi ovozga qo‘yilgach, deputatlarning ko‘pchiligi unga qarshi ovoz berdi. Majlisda qonun loyihasi mas'ul qo‘mitaga qaytarildi.

Top