23:47 / 20.04.2021
72909
Rossiya kemalar va samolyotlar guruhini Qrimda to‘plagan. Hududda nimalar bo‘lyapti?

Rossiya anneksiya qilingan Qrim hududiga katta miqdordagi qo‘shinini olib kelgan. Xususan, bu yerga odatda Qora dengiz floti tarkibiga kirmagan ko‘plab kemalar tashlangan, yarimorol sharqida esa harbiy lager paydo bo‘lgan.

Foto: VITALY NEVAR/TASS

Bu hududga harbiylar joylashtirilishi Rossiya va Ukraina chegarasida yuzaga kelgan keskinlik fonida kuzatilmoqda, bu yerga so‘nggi hafta davomida kattagina qo‘shin olib kelingan. Vaziyat G‘arb davlatlarida tashvish uyg‘otmoqda - xususan, AQSh, Yevropa Ittifoqi va NATO Rossiyani hududdagi harbiy kuchlarini oshirishni to‘xtatishga chaqirgan.

Kemalar va harbiylarni ko‘chirish bo‘yicha so‘nggi harakatlar Rossiya mudofaa vazirligi tomonidan ham tasdiqlangan. Vazirlik buni rejalashtirilgan harbiy-o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilishi bilan izohlagan.

Seshanba kuni tongda Rossiya 20 apreldan 24 aprelgacha Qrim va Qora dengiz hududining bir qismi ustidan parvoz qilish cheklanishini ma'lum qildi. Bu hudud samolyotlar parvozi uchun xavfli ekani bilan izohlandi. Bunday choralar odatda harbiylar xatolik bilan fuqarolik samolyotlarini urib tushirmasligi uchun o‘quv mashg‘ulotlari chog‘ida ham qabul qilinadi.

Ekspertlar hozirgi mashg‘ulotlar anneksiya qilingan Qrimda sovetlardan keyingi davrda o‘tkazilayotgan eng yirik mashg‘ulotlar ekanini aytishmoqda. Ular Qrimda jamlangan harbiy guruhlar Ukrainaga qarshi qo‘llanishini ehtimoldan yiroq deb hisoblashmoqda, ammo Moskva o‘z harakatlari bilan Kiyevga siyosiy signal yuborayotganini istisno qilishmayapti.

Qrim yarimoroli Rossiya tomonidan 2014 yil bahorida egallab olingandi. Shundan so‘ng G‘arb mamlakatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etgan, Ukraina yarimorolni qaytarib olish niyatidan qaytmay keladi.

Rossiya samolyotlari pastroqdan turib kemalarga hujum qilishni mashq qilmoqda
Dushanba kuni Rossiya Janubiy harbiy okrugi matbuot xizmati Qrimda aviatsiya mashg‘ulotlari o‘tkazilayotgani va unga harbiy-kosmik kuchlar aviatsiyasi, havo hujumiga qarshi mudofaa va Qora dengiz flotining 50ta samolyoti jalb etilgani haqida xabar qildi. Mashg‘ulotlarda qiruvchi samolyotlar, bombardimonchilar va shturmoviklar ishtirok etgan.

SERGEI MALGAVKO/TASS

Xabarda aniqlik kiritilishicha, samolyotlar raketalar uchirish va dengizdagi nishonlarni bombalash, murakkab ob-havo sharoitlarida parvozlarni amalga oshirish hamda suv ustida past balandlikda parvoz qilish kabi mashqlarni amalga oshirishgan.

Shuningdek, uchuvchilar kemalarning zarbdor guruhlariga hamrohlik qilish hamda «Qora dengiz suvlarida xavfsizlikni ta'minlash paytida razvedka guruhlari» tarkibida harakatlanishni o‘rganishgan.

Bundan tashqari, rossiyalik shturmoviklar samolyotlarni Qrimdagi va uning tashqarisidagi aerodromlarga tezkorlik bilan ko‘chirish amaliyotini mashq qilishgan.

Xabarda qayd etilishicha, bu mashqlarning barchasi barcha harbiy okrug tuzilmalari, Qora dengiz floti va Kaspiy flotiliyasining 2021 yilga rejalashtirilgan mashg‘ulotlari doirasida amalga oshirilgan.

Shu bilan birga, mashg‘ulotlar «mavjud vaziyatni hisobga olgan holda mas'uliyat chegarasida» o‘tkazilgani qayd etilgan.

Qora dengizga qo‘shimcha kemalar tashlangan
Turli kuzatuvchilar so‘nggi haftalarda Rossiyaning Ukraina bilan chegara hududida va Qrimda turli armiya tuzilmalari to‘planayotgani haqida xabarlar berib kelishmoqda.

Ayniqsa Rossiya harbiy-dengiz floti kemalari Qora dengizda faollashgan - o‘tgan hafta ichida u yerda yirik kemalar guruhi to‘plangan.

Xususan, boshqa flotlardan kemalar Qora dengiz flotiga kelib qo‘shilgan. Kemalarning ko‘pchiligi dengizdan desant tushirishga mo‘ljallangan vositalar bilan jihozlangan.

17 aprel kuni Qora dengiz hududiga Kerchen bo‘g‘ozi orqali Kaspiy flotiliyasi kemalari otryadi kirdi. Bu guruh Qora dengiz floti qo‘mondonligi bo‘ysunuviga o‘tdi.

Kemalar daryo va Volga-Don kanali bo‘ylab 100 kilometr masofani bosib o‘tishgan. Otryad tarkibida - uchta artilleriya va sakkizta desant katerlari, shuningdek, ta'minot kemalari mavjud.

18 aprel kuni Qora dengiz akvatoriyasiga Bosfor bo‘g‘ozi orqali ikkita katta desant kemasi - «Kaliningrad» va «Korolev» kirdi. Ular Boltiq floti tarkibida. Bungacha shu kuni Qora dengizga Rossiya Shimoliy flotining «Aleksandr Otrakovskiy» va «Kondopoga» desant kemalari kirgandi.

14 aprel kuni Qora dengizdagi bazadan katta desant kemalarini o‘z ichiga olgan kemalar guruhi ochiq dengizga chiqqan, bu guruh tarkibida qancha miqdorda va qanday desant kemalari harakatlangani haqida batafsil ma'lumot berilmagan.

Bu guruh tarkibida «Admiral Makarov» fregati, «Grayvoron» va «Vishniy Volochek» kichik raketa kemalari, «Samum» raketa kemasi, dengizni minalardan tozalovchi «Ivan Golubets» tralchi kemasi bo‘lgan. Janubiy harbiy okrug matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ular minalashtirilgan hududdan o‘tish mashqlarini bajarishgan.

Qrim sharqida harbiy lager paydo bo‘ldi
O‘tgan haftada Germaniyaning Spiegel nashri Qrim yarimoroli sharqida kattagina armiya lageri paydo bo‘lgani haqida xabar tarqatdi. Nashr sun'iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlarni keltirgan. Bu ma'lumotlarga ko‘ra, lager yarimorol sharqidagi Marfovka aholi yashash punktidan 30 kilometr masofada barpo etilgan.

16 aprel kuni Janubiy harbiy okrug matbuot xizmati 58-armiya qismlari Qrimda mashg‘ulotlar o‘tkazgani haqida xabar berdi. Xabarda 58-armiya bo‘linmalari mashg‘ulotni Janubiy harbiy okrugning Harbiy-havo kuchlari va Havo hujumidan mudofaa kuchlarining 4-armiyasi, Qora dengiz floti va Kaspiy flotiliyasi bilan hamkorlikda o‘tkazgani, bu rejalashtirilgan mashg‘ulot bo‘lib, unda Janubiy harbiy okrug harbiylarining qishki davrdagi ta'limi yakunlari tekshiruvdan o‘tkazilgani qayd etilgan.

Ikki armiyani ko‘chirish
Aprel oyi boshidan buyon AQSh va Yevropa mamlakatlari rossiyalik harbiylar Ukraina bilan chegaralar yaqiniga keltirilayotganidan xavotirlarini bildirib kelmoqda. Ammo Rossiya o‘z harbiylarini chegara tomon surayotgani haqidagi xabarlar mart oyi oxiridayoq ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgandi.

30 mart kuni New York Times Ukraina sharqida vaziyat keskin yomonlashgani, minglab rus harbiylari Ukraina chegaralariga, xususan, Rostov, Bryansk, Voronej oblastlari va Qrimga yuborilgani haqida xabar berdi.

8 aprel kuni Conflict Intelligence Team (CIT) surishtiruv guruhi ham harbiy qismlar Rostovga yuborilishi to‘g‘risida xabar bergan, guruh ma'lumotlariga ko‘ra, ba'zi transport vositalarining raqamlari berk bo‘lgan. CIT tadqiqotida rossiyalik harbiylar «Voronejdan janubdagi poligonda tashkil etilgan dala lagerida to‘plangani, bu yerga kamida ikkita temir yo‘l stansiyasidan texnikalar tashib kelinayotgani» haqida ham aytilgan.

CIT o‘z tadqiqotlari uchun faqat ochiq manbalardan foydalangani, bular mualliflar tomonidan internetga joylashtirilgan mobil telefonlar va videoregistratorlardagi yozuvlar ekanini aytib o‘tgan.

Tadqiqot mualliflarining tasdiqlashicha, Voronej oblastiga keltirilgan harbiy texnikalarning katta qismi Markaziy harbiy okrugga tegishli bo‘lib, texnikalar yuzlab va minglab kilometr masofalardan olib kelingan.

13 aprel kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Rossiyaning «g‘arbiy chegaralari»ga ikkita armiya va havo-desant qo‘shinlarining uchta birlashmasi joylashtirilganini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar «qo‘shinlarning nazorat tekshiruvi»da qatnashyapti. Shuningdek, Shoyguning ta'kidlashicha, Rossiya NATOning «tahdid soluvchi harbiy harakatlari»ga javoban «choralar ko‘rmoqda». Vazir bu mashg‘ulotlar ikki hafta ichida yakunlanishiga va'da bergan.

Mashg‘ulotmi yoki bostirib kirishga tayyorgarlik?
Xalqaro masalalar bo‘yicha Rossiya kengashi eksperti Ilya Kramnik BBC rus xizmatiga bergan intervyusida Qora dengizda o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar sobiq ittifoq parchalanganidan keyingi davrda kuzatilgan eng yirik harbiy mashg‘ulotlar bo‘layotganini qayd etgan.

G‘arbdagilar rossiyalik harbiylarning bu tariqa harakatlanishini juda jiddiy qabul qilgan. Shu bilan birga, amerikaliklar va britaniyaliklarning ruslarning Qora dengiz floti harakatlariga reaksiyasi turlicha bo‘ldi.

O‘tgan haftada AQSh Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keskinlik avj olishiga sabab bo‘lmaslik uchun ikkita esminetsini Qora dengizga yuborish rejasidan voz kechdi. Bu haqda Politico nashri o‘z manbalariga tayanib xabar tarqatdi. Qayd etilishicha, bu kemalar rossiyaliklar flotining harakatlariga javoban emas, oldindan qilingan reja bo‘yicha Qora dengizga kirishi kerak bo‘lgandi.

Yakshanba kuni Buyuk Britaniya Ukraina bilan birdamlik ramzi sifatida Qora dengizga ikkita harbiy kema yuborishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Unga ko‘ra, Qora dengizga eskadra mina tashuvchisi va fregat (harbiy kema) O‘rta Yer dengizdagi Qirollik Harbiy-dengiz kuchlari zarbdor guruhidan ajralib chiqib, Bosfor bo‘g‘ozi orqali Qora dengizga yo‘l olishi rejalashtirilgan. Xabarlarda bortida Rossiya kemalaridan tahdid bo‘lgan taqdirda, yordamga keluvchi F-35 qiruvchi samolyotlari va Merlin vertolyotlari joylashgan HMS Queen Elizabeth samolyot tashuvchi kemasi ularni kuzatib borishi aytildi.

Harbiy sharhlovchi Aleksandr Gols esa, Rossiyaning harakatlariga Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rish deb baho bermaslik kerakligini aytmoqda.

U Qora dengizga Rossiyaning bir necha flotlaridan, shu jumladan, Kaspiy flotiliyasidan kemalar jalb qilingan bo‘lsa-da, bu kuchlar desant tushirib, Ukraina qirg‘oqlarini egallash yoki platsdarmni ushlab turish uchun qodir bo‘lmasligini ta'kidlab o‘tgan.

Ekspertning fikricha, barcha desant vositalari jami bo‘lib ko‘pi bilan ikkita dengiz piyodalari batalonini qirg‘oqqa tushirishga qodir bo‘lib, bu kuchlar esa hujum operatsiyasi o‘tkazish uchun yetarli bo‘lmaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qora dengizda kemalar faolligi, birinchi navbatda, rasmiy bayonotlarda aytilganidek, harbiylarni o‘qitishga qaratilgan.

Shu bilan birga, ekspert buning ortida siyosiy maqsadlar ham bo‘lishi mumkinligini istisno qilmaydi.

«Agar mamlakatda dengiz piyodalari bo‘lsa, ular qayerdadir mashg‘ulot o‘tashi va joylashtirilishi kerak. Hozirgi holatda, siyosiy vaziyat tufayli, urush ro‘y bergan holda, qo‘shinlarni Qrimga, Qora dengizga tutashgan davlatlarga tushirishga qodirliklarini namoyish etishdi», deydi Gols. Ish kuchlarni namoyish etishdan nariga o‘tmasligiga uning ishonchi komil.

BBC rus xizmati Rossiya mudofaa vazirligiga mashg‘ulotlar nega aynan hozir o‘tkazilayotganini so‘rab murojaat qilgan va javob kutmoqda.

Mavzu
Ukraina mojarosi
2020 yil mart oyi oxirida ukrainalik harbiylar Donbassdan berilgan artilleriya zarbalari qurboni bo‘ldi. Aprel oyi boshida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shinlarini to‘play boshladi.
Barchasi
Top