20:41 / 20.04.2021
8868

Toshkentda sud er-xotin nikoh davrida sotib olgan mashinani navbat bilan boshqarishi haqida qaror chiqardi

G‘ayrioddiy qaror fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudi tomonidan chiqarilgan.

MIB matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, sudning qaroriga avtomobilning nikoh davomida orttirilgani asos bo‘lgan. Shunga ko‘ra, transport vositasi sud tomonidan er-xotinning umumiy mulki deb topilgan va mashinada sobiq er-xotinlardan har birining ulushi teng ekani belgilangan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining MIBning Yashnobod tuman bo‘limiga yuborilgan ijro varaqasida «Lasetti» rusumli transport vositasidan foydalanish er va xotinga har hafta 3,5 kundan belgilangani qayd etilgan. Shunga ko‘ra davlat ijrochisi tomonidan «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 23-moddasiga asosan ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilgan.

«Ijro harakatlari davomida qarzdor erkak va undiruvchi ayolga ijro ishi yuzasidan to‘liq huquqiy ma'lumot berildi. Taraflar ijro hujjati talabini bajarmagan taqdirda, buning huquqiy oqibatlari tushuntirildi. Bundan tashqari, transport vositasini o‘z muddatida olish va taqdim etishi yuzasidan belgilangan tartibda majburiyatnoma olingan.

Qarzdor ijro hujjati yuzasidan o‘z majburiyatini bajargani, ayni paytda «Lasetti» avtotransportini sud qarorida belgilangan tartibda er-xotin teng miqdorda boshqarib kelayotganligi sababli, ijro hujjati ijrosi tamomlangan», deya MIB axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Top