16:58 / 21.04.2021
3418
Ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalaridan foydalanish tartibi ma'lum qilindi

Ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalaridan foydalanish shu yerda yashovchi mulkdorlarning roziligi bilan amalga oshiriladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Abdunazar Erdonov xabar berdi.

Inspeksiya boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarning yerto‘lalarini ijaraga oluvchilar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish va unga nosanoat xususiyatiga ega bo‘lgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni joylashtirish uchun foydalanish huquqiga ega.

«Yerto‘lalarni ijaraga oluvchilardan 4ta asosiy qonuniy talablarga rioya etish talab qilinadi.

Ko‘p kvartirali uydagi yerto‘lalar shu joy mulkdorlarining umumiy mulki hisoblanadi. Shuning uchun bu jarayonda mulkdorlarning bir ovozdan qabul qilingan umumiy yig‘ilish qarori yoki joy mulkdorlarining kelishuvi talab etiladi.

Foydalaniladigan yerto‘lalarda alohida kiriladigan eshik, tabiiy yoritish va ventilyatsiya moslamalari, yong‘inga qarshi hamda qurilish normalari talablariga muvofiq joyning devori, shifti, poli qoplangan va pardozlangan bo‘lishi kerak.

Yerto‘lalarini ijaraga oluvchi o‘ziga tegishli bo‘lgan yerto‘la qismini zarur joriy ta'mirlashni o‘z hisobidan amalga oshiradi va kommunal xizmatlar bo‘yicha xarajatlarni belgilangan tartibda va muddatda to‘lashi lozim.

Foydalanuvchi yerto‘ladagi sanitariya-texnika asbob-uskunalari va boshqa uskunalarga (suv quvuri, kanalizatsiya, markaziy isitish, issiq suv ta'minoti, gaz asbob-uskunalari va boshqalarga) ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi;

elektr va issiqlik energiyasini, suv, gazni tejab sarflashi, ularning bekor oqishi va behuda sarflanishiga yo‘l qo‘ymasligi, elektr, gaz hisoblagichlar o‘rnatishi;

yong‘in xavfsizligiga, yerto‘ladan texnik foydalanish qoidalariga rioya qilishi;

avariya holatlarida avariyalarni bartaraf etish uchun tegishli avariya-ta'mirlash xizmatlari vakillarini kirishini ta'minlashi lozim», dedi Abdunazar Erdonov.

Shuningdek, yerto‘lalarni boshqa maqsadda qayta jihozlash, o‘zgartirish yoki rekonstruksiya qilish binoning konstruktiv sxemasini buzmasligi, binoning old ko‘rinishi va tashqi qiyofasini, muhandislik kommunikatsiyalarini zarar keltirmagan holda amalga oshirilishi kerak.

Top