«Tomdan chakki o‘tishi, suv va kanalizatsiya quvurlaridagi nosozliklar, lift ishlamay qolishi. Ko‘p qavatli turar-joy binolarida kuzatiladigan shu kabi holatlar uylarni boshqaruvchi kompaniyalar tomonidan bartaraf qilinishi kerak. Sobiq sovet mamlakatlarida bunday shirkatlarni aholi vakillaridan iborat jamoa yuritadi», – deydi Sharqiy Yevropada Uy-joy tashabbusining (IWO) (Germaniya) Markaziy Osiyo bo‘yicha loyiha direktori Larisa Shrekkenbax.
Yevropa Ittifoqining shu hafta yakunlangan yakunlangan uch yillik «Promhouse» loyihasiga konsultantlik qilgan germaniyalik ekspertga ko‘ra, muammolar va ziddiyatlar kam bo‘lishi, aholi qulay va tashvishsiz uyda yashashi uchun kommunal xo‘jaligi xodimlari professional bo‘lishi, o‘z vazifasini bajarish uchun maxsus bilim va kompetensiyalarga ega bo‘lishi zarur.
O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida yig‘ilgan «Promhouse» loyihasi jamoasi, xususan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Germaniya hamda boshqa davlatlarning ekspertlari shuni aytib o‘tdiki, zamon rivojlangani sari, ko‘p qavatli uylar ham yangicha tus olib, ularni saqlash va boshqarish ham murakkablashib bormoqda. Masalan, endi ko‘p qavatli uylarga domofonlar, qulfli darvozalar, elektron hisoblagichlar kirib kelmoqda.
Eng katta masalalardan biri – energiya sarfini kamaytirish va optimallashtirish bo‘lib turibdi. Tabiiyki, uy boshqaruvchilari bu o‘zgarishlarga moslashishi kerak.
2020-2023 yillarda YeI granti asosida tashkil qilingan «Promhouse» loyihasi aynan shu masala, ya’ni professionallashuvga urg‘u berdi. Loyiha doirasida soha vakillariga bilim berishi uchun ikki haftalik ToT dasturi orqali trenerlar tayyorlandi. Mashg‘ulotlar 9 mamlakat, xususan, Germaniya, Latviya, Litva, Estoniya va Moldova kabilarni tamsil qiluvchi ekspertlar tomonidan o‘tkazildi. O‘zbekiston va Qozog‘istonda ish beruvchilar va olimlar ishtirokida ushbu yo‘nalishlarda kasb standartlari yaratildi. Professional ta’lim muassasalari, kollej va texnikumlarda «uy menejyeri», «uy ustasi» kabi mutaxassisliklarda kadrlar tayyorlanishiga zamin yaratildi.

«Bu kabi Yevropa loyihalari ko‘proq bo‘lishi kerak! «Promhouse» nafaqat Germaniyadan, balki 90-yillarda uy-joy fondida O‘zbekistondagiga o‘xshash holatda bo‘lgan Sharqiy Yevropa mamlakatlaridan tajriba va nou-haularni o‘zlashtirish imkoniyatini beradi», – deydi O‘zbekistondagi ko‘p qavatli uylarga oid eng yirik assotsiatsiya bo‘lmish Uyushma.uz rahbari Rahima Ortiqova. – «Bu sohada amalga oshiriladigan ishlar hali ko‘p. Mavjud ehtiyoj va O‘zbekistondagi mutasaddilarning xayrixohligi, xorijlik hamkorlarning qo‘llovi bilan har bir inson uchun eng muhim mavzu – uylarimiz ahvoli yaxshiligiga xizmat qiladigan mutaxassislarni tayyorlashda davom etamiz».
















