14:44 / 23.04.2021
5782
«120 ming gektar ekin maydoni noqonuniy ajratilgan, 11 ming gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallab olingan» – Bosh prokuror

Senat o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida prokuratura organlarining 2020 yildagi faoliyati yuzasidan hisobot bergan O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘tgan yili 120 ming gektar ekin maydonlari noqonuniy ajratilgani, 11 ming gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallab olinganini ma'lum qildi.

“Sir emaski, mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimizning to‘kis va farovon hayoti ekin maydonlaridan oqilona foydalanishga chambarchas bog‘liqdir. O‘tgan yili o‘tkazilgan xatlovlarda 120 ming gektar ekin maydonlari noqonuniy ajratilgani, 11 ming gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallab olingani, 4 ming gektar yerda binolar noqonuniy qurilgani aniqlandi.

Ekin maydonlarida noqonuniy qurilgan 32 mingdan ortiq obekt buzdirildi. 10 ming gektar yer davlat zaxirasiga qaytarildi. Qonunbuzarliklar uchun chora qo‘llash muhim, albatta. Shu bilan birga, ularning tub sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish birinchi galdagi eng ustuvor vazifamizdir.

Shu bois, o‘tkazgan barcha nazorat tadbirlarimizda masalaga jiddiy yondashib, tizimli kamchilik va qonunbuzarliklarni bartaraf etish hamda prezident administratsiyasi va hukumatga aniq takliflar bilan 350ga yaqin axborotlarni taqdim qildik. Ularning aksariyati qabul qilingan qonun hujjatlarida o‘z aksini ham topmoqda. Shuningdek, qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 57ta qonun hujjati, jumladan, 27ta qonun, prezidentimizning 17ta, Vazirlar Mahkamasining 11ta huquqiy hujjatlari loyihalari ishlab chiqilib, belgilangan tartibda kiritildi», deya Nig‘matilla Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq, hokimliklarning yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlari shaffoflashishi, 2021 yil 1 yanvarga qadar «E-qaror» tizimi ishga tushirilishi xabar qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2018-2019-yillarda respublika bo‘yicha 3900 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani, 6 ming gektar maydonga noqonuniy qurilishlar qilingani, 11 ming gektar yerdan samarasiz va maqsadsiz foydalanib kelingani aniqlangan.

295 nafar mansabdor shaxs 2018-2019-yillarda yer qonunchiligini buzish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgani, ularning 119 nafari yoki 40 foizini yer kadastri xodimlari tashkil etishi ma'lum qilingan.

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi sobiq raisi Abdushukur Abdullayev 2020 yil 10 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan «Hukumat soati»dagi hisobotida respublika miqyosida 37 700ta holatda sug‘oriladigan yerlar o‘zboshimchalik bilan egallab olingani, 7 948 gektar ekin maydonida uylar qurilgan, bog‘lar tashkil etilgan, ayrim fermerlar o‘ziga foydalanish uchun berilgan yerlarni turar joy qurish uchun boshqa fuqarolarga sotib yuborishganini ochiqlagandi.

Top