16:17 / 23.04.2021
3353
2021 yilning uch oyi mobaynida «103»ga 2 mingga yaqin asossiz chaqiruv bo‘lgan - SSV

Aholining “Tez yordam”ga murojaatlari 2020 yilning shu davriga nisbatan kamaygan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

2021 yil birinchi choragida tez tibbiy yordam xizmatiga 2 mln 709 ming 135ta chaqiruv kelib tushgan. Shundan 1 ming 874tasi asossiz murojaat ekani aniqlangan.

Shundan Farg‘ona, Andijon viloyatlarida 300 mingdan ziyod, Toshkent, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda poytaxtda 200 mingdan ortiq chaqiriqlar qayd etildi.

Asossiz chaqiriqlarning eng ko‘pi Surxondaryo viloyatida qayd etilib, bu raqam 497tani tashkil qildi. Shuningdek, Farg‘ona viloyatida 387ta, Toshkent viloyatida 249ta, Qashqadaryo viloyatida esa 204ta asossiz chaqiriq tez tibbiy yordam xizmatiga kelib tushdi.

Solishtirish uchun, 2020 yilning ayni shu davrida tez tibbiy yordam xizmatiga 3 milliondan ziyod chaqiriq kelib tushgani inobatga olinsa, 2021 yilda murojaatlar soni kamayganini ko‘rish mumkin. Buni 2020 yildagi pandemiya sharoiti bilan bog‘lash o‘rinli.

“Bugungi kunda “103” xizmati malakali xodimlar, zamonaviy hamda barcha zarur tibbiy jihozlarga ega ixtisoslashgan avtotransport vositalari bilan to‘liq ta'minlangan bo‘lsa-da, ayrim holatlarda kechikib borishi kuzatiladi.

Bunday kechikishlarga fuqarolar tomonidan bo‘ladigan manzili aniq ko‘rsatmaslik, yetib borganda eshik ochmaslik yoki bemorning joyida bo‘lmasligi, chaqiriqni rad etish kabi holatlar sabab bo‘lmoqda”, deyiladi xabarda.

Top