18:01 / 23.04.2021
19216
«Turkiyaga kimga ishonib kelyapsiz?» - Kastamonu universiteti magistranti bilan suhbat

Turkiyaga kelishdan oldin nimalarga e'tibor berish, nimalarga tayyor bo‘lish kerak? Uzbek.Life shu mavzudagi savollar yuzasidan Kastamonu universiteti magistranti, bloger Sanjar Said bilan intervyu tashkil etdi.

«Turkiyada ishlash ruxsatnomasini olish oson emas»

— Har bir davlatning migratsion qonunchiligi bor. Agar bu yerga talaba sifatida kelsangiz, bir qancha imtiyozlarga ega bo‘lasiz. Hujjat rasmiylashtirish, yashash ruxsatnomasini olish, harakatlanish – xullas talabalarga yetarli imtiyoz bor.

Yashash va turizm maqsadida kelganlar uchun ham qator imkoniyatlar bor. Ammo, ishlash uchun kelish biroz qiyin. Mamlakat, avvalo, o‘z fuqarolarini ish bilan ta'minlaydi. Shundan so‘nggina xorijliklar uchun eshiklar ochiladi. Ba'zida esa ishlashga keluvchilar soni ortib ketmasligi uchun sun'iy to‘siqlar ham qo‘yiladi.

Turkiyada rasman ishlash uchun ruxsatnoma («Chalishma izni») olinadi. Va shu jarayonning o‘zi ham bir qancha murakkab bosqichlardan iborat. Masalan, ish beruvchining talablari, davlatga to‘lanadigan soliqlar shular jumlasidan. Ba'zan ish beruvchilar shu kabi masalalardan qochish uchun o‘z fuqarolarini ishga olishni afzal ko‘radi yoki muhojirlar noqonuniy ishlashga majbur bo‘ladi.

«Muhojirlar chet eldagi hayotining qiyinchiliklari haqida ko‘p ham gapiraverishmaydi»

— Biz chet elda yashar ekanmiz, o‘sha mamlakatning yaxshi tomonlarini ko‘rsatishga harakat qilamiz. Muammolar, qiyinchiliklar haqida gapirmaymiz. Ya'ni ular haqidagi tasavvurni o‘zimiz shakllantiramiz. Yana bir jihati shuki, ko‘proq erishgan narsalarimiz haqida gapiramiz. Masalan, uy, avtomobil olamiz, odamlarda chet el hayoti go‘zal degan tushunchani shakllantiramiz. Lekin uning ortidagi mehnat, mashaqqatni yashiramiz.

Mavzuning yana bir jihati bor. Moddiy tarafdan qiyin ahvolga tushib qolgan inson yordam olish uchun atrofidagilarga murojaat qiladi. Aslida buni noto‘g‘ri tushunish kerak emas. Sizdan kimdir yordam so‘rayotgan bo‘lsa, avvalo, moddiy ahvolini tushuntiradi. Ya'ni unga ham oson emas. Bu masalada yordam berish lozim. Agar yordam bera olmasangiz ham, vaziyatingizni to‘g‘ri tushuntirishingiz kerak.

«Chet elga kelayotganda «B» rejangiz ham bo‘lishi shart»

— Birinchi navbatda til bilishi kerak. Eng kamida, boshlang‘ich bilimlari bo‘lishi zarur. Masalan, turk tili o‘zbek tiliga yaqin bo‘lgani uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi. So‘ngra, mavjud qonun-qoidalarni o‘rganishi ham kerak. Hech bo‘lmasa, tasavvurga ega bo‘lishi lozim.

Eng muhimi, chet elga kelayotgan barchaning ikkinchi rejasi bo‘lishi shart. Agar ish topa olmasam, nima qilaman, degan savol bo‘lishi kerak. To‘g‘ri, chet elda ishlab, muvaffaqiyatga erishganlar ham bor, lekin, afsuski, umrining eng gullagan davrini xazon qilganlar ham yetarlicha. Shu jihatlarni inobatga olish lozim.

Uzbek.Life'ning Turkiyadagi muxbiri
Isfandiyor Burgutboyev suhbatlashdi.

Top