09:46 / 27.04.2021
5980
Janubiy Koreya bahsli orollar bo‘yicha Yaponiyaga norozilik bildirdi 
Foto: Reuters

Yaponiyaning Janubiy Koreyadagi maslahatchi-elchisi Tokio Yapon dengizidagi Tokto bahsli orollariga da'vo qilayotgani sababli Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi va unga norozilik bildirildi.   

«Hukumat Yaponiyaning Tokto oroliga noqonuniy da'vo qilishiga keskin munosabat bildiradi. Ushbu orol tarixiy, geografik va yuridik nuqtayi nazardan Janubiy Koreya hududi hisoblanadi», deb aytilgan Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirligi bayonotida.  

Avvalroq Yaponiya tashqi ishlar vazirligining «Ko‘k kitob» deb nomlanuvchi har yillik ma'ruzasi e'lon qilingandi. Unda Tokto arxipelagi Yaponiya hududi hisoblanishi aytilgan. «Ko‘k kitob» Yaponiya hukumati tomonidan tasdiqlanuvchi hujjat bo‘lib, unda mintaqadagi vaziyatga baho beriladi va yaqin istiqbolda Yaponiyaning tashqi siyosatdagi asosiy yo‘nalishlari bayon qilinadi.  

Tokto umumiy maydoni 0,188 kvadrat kilometrni tashkil qiluvchi kichik orollar guruhi bo‘lib, u Koreya yarimorolidan sharqda joylashgan. Bu kimsasiz qoyali hududlar borasidagi bahs sovet armiyasi 1945 yilda Janubiy Koreyani yapon mustamlakasidan ozod qilgandan keyin boshlangan. Hozirda orollar Janubiy Koreya qurolli kuchlari tomonidan nazorat qilinadi.  

O‘z navbatida, Tokio Seul Yaponiya imperiyasi tarkibiga 1905 yilda kiritilgan ushbu hududni noqonuniy egallab olgan deb hisoblaydi. Pxenyan va Seulda orollar hamisha Koreya yarimoroli tarkibiga kirgani ta'kidlab kelinadi.

Top