21:46 / 04.05.2021
23228
Inflatsiya, narxlar o‘sishiga ta'sir qilayotgan omillar va iqtisodiy xatarlar – MB vakili bilan suhbat

Kun.uz’da navbatdagi suhbat inflatsiya, unga ta'sir etuvchi omillar va iqtisodiy o‘sishni ta'minlash choralari haqida bo‘ldi. O‘zbekiston Markaziy banki departament direktori Nodirbek Ochilov mavzuga oid fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Suhbatimizni O‘zbekistonda ayni paytdagi inflatsiya qay darajada barqarorligi haqidagi savoldan boshlasak. Umuman olganda, 10,9 foiz ekani aytilayotgan bu ko‘rsatkichni mamlakat iqtisodiy holati nuqtayi nazaridan yaxshi, deya olamizmi?

— Avvalambor, inflatsiya darajasi deganda, biz ko‘proq iqtisodiyotdagi narxlarning o‘sish sur'atlarini umumiy bir holda tushunamiz. Ya'ni tanlab olingan mahsulotlar, xizmatlar narxlari yil davomida umumiy hisobda qanchalik o‘sgani tushuniladi.

Agar e'tibor berilsa, 10,9 foiz inflatsiya shakllangani bilan uning tarkibidagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining yillik o‘sishi 13,8 foizni tashkil etdi.

Xuddi shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlarining yillik o‘sishi 8,8 foiz, xizmatlarniki 8,3 foizga o‘sdi. Buni tarkibiy jihatdan tahlil qiladigan bo‘lsak, aynan oziq-ovqat guruhidagi tovarlarimizning narxlari biroz yuqori darajada o‘sishini ko‘rsatmoqda.

Bu yil bazaviy prognozimiz bo‘yicha, asosiy ssenariyimizga ko‘ra, inflatsiya darajasi 9-10 foiz bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Markaziy banki departament direktori Nodirbek Ochilov 

Umumiy inflatsiya darajasi bugungi kunda prognoz koridorimiz doirasida pasayib boryapti. Lekin aynan o‘sha oziq-ovqat guruhidagi narxlar biroz yuqoriligicha saqlanib qolyapti. Bu bevosita bir qancha omillarni o‘z ichiga oladi.

Birinchidan, jahon bozorlarida asosiy oziq-ovqat tovarlari narxining o‘sishi. Bunga ham juda ko‘p omillar ta'sir qiladi. Masalan, hosildorlik darajasi, ob-havo sharoitlari, tashqi bozordagi logistika, umuman, bizning savdo hamkorlarimiz tomonidan ushbu mahsulotga nisbatan qo‘llanayotgan ma'lum bir cheklovlar bu mahsulotlar narxining import jihatdan oshishiga olib kelmoqda.

Ikkinchi omil – bizning o‘simlik yog‘i, shakar va boshqa mahsulotlar importiga bog‘liqligimiz bor. Bu yerdagi raqobat sharoitlari, transport logistika masalalari ham narxlarga o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmaydi.

Aynan nooziq-ovqat tovarlar narxlari o‘sishi bizni biroz xavotirga solyapti. Keyinchalik buni pasaytirish bo‘yicha hukumat bilan birgalikda takliflar ishlab chiqilyapti. Albatta, takliflar amaliyotga joriy qilinishi o‘zining ijobiy natijasini beradi.

— 2021 yil yakunida yillik inflatsiyani kamida 10 foizga pasaytirish maqsad qilinganini aytdingiz. So‘nggi paytlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin o‘sib bormoqda va bu inflatsiyaga ta'sir qiluvchi omillardan hisoblanadi. Buning ko‘zlangan natijaga ta'siri salbiy bo‘lishi ham mumkinmi?

— Biz 9-10 foizlik prognozni ishlab chiqish jarayonida barcha omillarni inobatga oldik. Albatta, ularni ikki yo‘nalishga bo‘lishimiz mumkin. Birinchisi, monetar omillar. Bu bevosita iqtisodiyotdagi yalpi talab darajasi va uni qo‘llab-quvvatlovchi taklif bilan bog‘liq.

Ikkinchisi, nomonetar omillar. Monetar omillarni pasaytirish bo‘yicha Markaziy bankda barcha instrumentlar yetarli.

Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha strategiya ishlab chiqilishi, undan tashqari, hukumat darajasida ko‘rilayotgan choralar oziq-ovqat mahsulotlari narxining ham kelgusida pasayishiga imkon beradi.

Umuman olganda, biz jahon narxlari prognozlariga e'tibor beradigan bo‘lsak, kelgusi yil uchun yog‘ ishlab chiqarish oktyabr oylariga borib pasayish trendiga ega. Ya'ni hosil kuz oylarida yetishtiriladi (o‘simlik yog‘i ham). Kuzdan keyin ushbu mahsulot narxida biroz pasayish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuzilyapti.

Asosiy prognozning o‘zida ham barcha xatarlarni inobatga olganmiz. U xatarlar bo‘lmagan sharoitda, prognozimiz quyi koridordagi xatarlarga yaqinlashadi. Bunday olib qaraganda, oziq-ovqat guruhining inflatsiyaga ta'siri 30-35 foiz atrofida, deb qaralmoqda.

Bugungi kunda umumiy iste'mol savatchasida oziq-ovqat mahsulotlari guruhi bor. Asosan yog‘ mahsulotlarini oladigan bo‘lsak, ular maksimal o‘sgan taqdirda ham, inflatsiyaga umumiy ta'siri kichik summalarda ko‘rinadi. Sababi iste'mol tarkibida boshqa yana 510ta tovar ham bor.

Shu nuqtayi nazardan agar xatarlar yuzaga keladigan bo‘lsa, avvalambor instrumentlarimiz orqali chora ko‘ramiz, undan tashqari, prognozimizni ozroq yuqori tomonga qarab ko‘rib chiqishimiz mumkin. Ya'ni bugungi kunda berayotgan 9-10 foizni yuqori chegarasigacha ko‘rib chiqamiz. Bu, albatta, juda ko‘p omillarga bog‘liq.

— Iqtisodchilardan biri ayni paytda Markaziy bank asosiy e'tiborni inflatsiyani tushirishga qaratayotgani noto‘g‘ri ekani, avvalo, iqtisodiy o‘sish va inflatsiya ko‘tarilishiga ta'sir etuvchi omillarni bartaraf qilish zarurligini aytdi. Bu haqda qanday fikrdasiz?

— Hozirgi kunda jahon moliya tashkilotlari, xalqaro valuta fondi ham iqtisodiy o‘sishning inklyuzivligiga juda katta e'tibor qaratishyapti. Umumiy olganda, iqtisodiy o‘sish nominal ko‘rsatkichlarda bo‘lishi mumkin. Masalan, yiliga 5-6-7-8 foiz.

Lekin u iqtisodiy o‘sish odamlar hayotida aks etmasa yoki aholi daromadlarining o‘sishiga, xarid qobiliyatini saqlab qolishga va turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmasa, faqat raqamlardan iborat bo‘lib qoladi.

Shu nuqtayi nazardan inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta'minlash bizning asosiy maqsadimiz. Ya'ni iqtisodiy o‘sish bilan birgalikda aholi turmush darajasi, daromadlari va xarid qobiliyati ham oshib borishi kerak.  

Bevosita mana shu uch ko‘rsatkichga eng katta ta'sir ko‘rsatadigan omil, bu inflatsiya ko‘rsatkichidir.

Tasavvur qiling, bugun oladigan 1-2 yoki 3 mln so‘m daromadimiz, ertaga inflatsiya ta'sirida 10 foizga qadrsizlansa, bundan olinadigan foyda va samara ham kam bo‘ladi.

Shu sababli ushbu mablag‘lar xarid qobiliyatining saqlab qolinishi inflatsiyaning past bo‘lishi bilan bog‘liqdir.

Bundan tashqari, inflatsiya pasaygan sharoitda investorlarning mamlakatga bo‘lgan ishonchi juda yuqori bo‘ladi. Makroiqtisodiy barqarorlik bo‘lgan joyda iqtisodiy o‘sishga fundamental asoslar yaratiladi.

Tasavvur qiling, siz tadbirkorsiz. Ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchisiz. Ishchi kuchi jalb qilasiz yoki mablag‘laringizni biror loyihaga tikmoqchisiz. Siz uchun eng muhim narsa kelajakdagi narxlar qanday darajada bo‘lishi.

Albatta, siz agar kelajakda noaniqliklar bo‘lsa yoki 2-3 yildan keyin vaziyat qanday bo‘lishini baholay olmasangiz, pul tikishga ham qiynalasiz  yoki bu jarayonda sizga juda katta to‘siqlar yuzaga kelishi mumkin. Ya'ni kelajakni ko‘ra olmaslik, makroiqtisodiy beqarorlik mavjudligi investor va tadbirkor uchun ertangi kunga bo‘lgan ishonchni kamaytiradi.

Bevosita ertangi kunga bo‘lgan ishonch kamayishi, investitsiyalar kamayishiga, ishlab chiqarish pasayishiga olib keladi. Buning investitsion barqarorlikka ham ta'siri bor.

To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar ham kelgusida inflatsiya darajasi qanday bo‘lishi va makroiqtisodiy barqarorlik bilan bog‘liq bo‘ladi. Bevosita investitsion muhitning yaxshilanishi, investitsiyalarning ko‘payishi kelgusida iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shadi.

Maqsadimiz inklyuziv – har bir insonning hayotida aks etadigan, faqat nominal ko‘rsatkichlar emas, real ko‘rsatkichlarni o‘zgartira oladigan iqtisodiy o‘sishga kelish. Bu, albatta, uzviy ravishda narxlar barqarorligini ta'minlash bilan bog‘liq.

Pulni istalgancha chiqarish mumkin. Juda ko‘p xorijiy ekspertlar buni «vertolyotnyy dengi» deyishadi. Pulni iqtisodiyotga qo‘yish mumkin. Lekin iqtisodiyotning bu pulni hazm qila olish qobiliyati, moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatini inobatga olgan holda bo‘lishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

— Oxirgi 3-4 yilda O‘zbekiston tashqi qarzi keskin o‘sishda davom etyapti. Umuman, qo‘shimcha emissiya va davlat qarzining inflatsiyaga ta'siri qanday?

— Biz inflatsiyaning tashqi va ichki, umuman makroiqtisodiy omillarga bo‘lgan yalpi talabga ta'sir etuvchi omillariga e'tibor qaratamiz. Qaysi ko‘rsatkich yoki qaysi bir parametr yalpi talab hajmi oshishiga olib kelsa, agar yalpi taklif unga mutanosib ravishda o‘smaydigan bo‘lsa, bu ma'lum bir ma'noda narxlarga yoki qaysidir bozorlarga bosim keltirishi mumkin.

Bugungi kunda tashqi qarz tarkibiga qaraydigan bo‘lsak, u asosan, investitsion loyihalarga jalb qilinyapti. Kelgusida bu ishlab chiqarish hajmi oshishiga xizmat qilishi mumkin. Shu bilan birga, jalb qilinayotgan mablag‘lar yalpi talab hajmi oshishiga ham ta'sir qilish ehtimoli katta.

Shu nuqtayi nazardan biz yalpi taklif bilan yalpi talab o‘rtasidagi muvozanatli nuqtani topish uchun harakat qiladigan choralar narxlar barqarorligiga ham ta'sir qiladi.

Bevosita yalpi talabga mutanosib ravishda yalpi taklif hajmlari ham rivojlanadigan bo‘lsa, bu ta'sirlar kamroq darajada bo‘lishi mumkin. Buni baholash uchun keng qamrovli tahlillardan foydalanishga to‘g‘ri keladi.

— Ayni paytda O‘zbekiston iqtisodiy sharoitida inflatsiya darajasi necha foiz bo‘lsa, normal deb aytish mumkin va yaqin yillardagi prognozlar qanday?

2019 yilda inflatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlari belgilangan. 2023 yilga borib bu ko‘rsatkich 5 foizni tashkil etadi. 2021 yil oxirigacha esa 10 foiz, ya'ni bir xonali songacha pasayishi ko‘zlangan.

Umuman olganda, iqtisodiyotimiz uchun inflatsiya darajasi qanday bo‘lishi kerak, degan savol juda ko‘p tahlillarni talab qiladi.

Birinchi navbatda, savdo hamkorlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda bo‘ladigan ulardagi inflatsiya darajasini inobatga olishimiz kerak.

Agar asosiy savdo hamkorlarimizga e'tibor beradigan bo‘lsak, Rossiyada inflyatsion target 4 foiz, Qozog‘istonda 4-6 foiz atrofida shakllangan. Xitoyda esa 3 foiz atrofida target ko‘rsatkichlari belgilangan.

Tashqi savdo operatsiyalariga kirishar ekanmiz, albatta, bir davlatdagi inflatsiya ko‘rsatkichi yuqori bo‘lsa, eksport salohiyati va umuman tovarlarning nisbatan qimmatligiga olib keladi. Masalan, bizda inflatsiya darajasi yuqoriligi tovarlarning nisbiy ustunligini pasaytirishi mumkin.

Ikkinchidan, bugungi kunda tahlilchilar tomonidan iqtisodiy rivojlanishga xalal bermaydigan ko‘rsatkichlar aniq belgilab berilgan. Rivojlanayotgan davlatlar uchun 4-5 foizlik inflatsiya bo‘lishi iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarini pasaytirmaydi. Rivojlangan davlatlar uchun esa 2 foiz atrofida deb olinadi. Masalan, AQSh, Yaponiya va Yevropa markaziy banklarining targeti 2 foizlik inflatsiyani ta'minlashdan iborat.

Yaponiya yoki Yevropa ittifoqida deflyatsiya ham kuzatiladi. Deflyatsiya ular uchun yomon. Negaki, bu investitsion jarayonlarni kechiktirishga olib keladi.

Islombek Umaraliyev suhbatlashdi,
Tasvirchi – Sherzod Egamberdiyev.

Top