09:46 / 05.05.2021
5651

Kitobdagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari Qamashiga ko‘chirildi

Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida joylashgan 5-sonli Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan bolalar Qamashidagi Mehribonlik uyiga ko‘chirilgan. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, xalq ta'limi vazirining 2020 yil 14 fevraldagi 01-06/2-131-sonli xatida Mehribonlik uylarida ota-onasi bor kam ta'minlangan oila farzandlarini joylashtirish ortib ketgani sababli ijtimoiy ahvoli yaxshilangan oila farzandlarini qaytarish orqali Kitob tumanidagi 5-sonli Mehribonlik uyi faoliyatini tugatib, tarbiyalanuvchilarni Qamashi tumanidagi 4-sonli Mehribonlik uyiga o‘tkazish taklifi bildirilgan.

Mehribonlik uyi faoliyatini tugatish bilan bog‘liq ishlar 2020 yil 24 martdan mamlakat hududida koronavirus infeksiyasiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etilgani munosabati bilan oxiriga yetkazilmagan. Mazkur jarayon endi yakunlangan.

Eslatib o‘tamiz, Kitobdagi 5-sonli Mehribonlik uyidagi holat haqida ilk bor 12—15 aprel kunlari Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida xizmat safarida bo‘lib qaytgan Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yusunova xabar bergan edi. O‘shanda u «Qashqadaryoning Kitob tumanidagi 5-Mehribonlik uyini tugatish kerak, u yerda bolalar juda yomon sharoitda yashashmoqda», degan fikrlarni bildirgandi.

Shundan so‘ng Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi Ishchi guruhi 14—15 aprel kunlari Qashqadaryo viloyatida o‘rganish o‘tkazgan. O‘rganishlarda ma'lum bo‘lishicha, Kitobdagi 5-sonli Mehribonlik uyida 65 nafar tarbiyalanuvchidan 15 nafarini chin yetimlar tashkil etgan. Shuningdek, Mehribonlik uyida bolalar uchun yaratilgan sharoitlar ayanchli ahvolda bo‘lgan. Shu sababli o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan mazkur Mehribonlik uyi direktori va ombor mudiri vazifasidan bo‘shatilgan.

Qayd etilishicha, bolalar ombudsmanining chiqishidan so‘ng 5-sonli Mehribonlik uyidagi holat yuzasidan Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi ishchi guruhi 14—15 aprel kunlari Qashqadaryo viloyatida o‘rganish o‘tkazgan edi. Ishchi guruh xulosasiga ko‘ra, Mehribonlik uyida 65 nafar tarbiyalanuvchi bo‘lgan holda, 75 nafar xodim faoliyat ko‘rsatib kelgan. Shundan 10 nafar tarbiyachi vazifasiga nomutaxassis bo‘lgan holda faoliyat olib borgan. Tarbiyalanuvchilarning 15 nafari yetim bola (otasi ham, onasi ham vafot etgan) ekani, qolgan 50 nafarining ota-onasi yoki ulardan biri hayot ekani aniqlangan.

Bundan tashqari, binolar ta'mirtalab holatda ekani, tarbiyalanuvchilarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati amaldagi sanitariya qoidalari va me'yorlari talablari asosida emasligi, bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun sharoit yo‘qligi sababli Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan 65 nafar tarbiyalanuvchini Qamashi tumanidagi 4-sonli Mehribonlik uyiga o‘tkazish maqsadga muvofiqligi haqida viloyat hokimligi mutasaddilariga tavsiyalar berilgan.

Ishchi guruh tavsiyasiga asosan, joriy yil 2 may kuni Kitob tumani 5-sonli Mehribonlik uyidagi 65 nafar tarbiyalanuvchining 10 nafari yaqin qarindoshlari oilasiga, 55 nafari Qamashi tumanidagi 4-sonli Mehribonlik uyiga ko‘chirilgan.

Top