09:04 / 11.05.2021
3588
Dehqonobodda murojaatchi rahbarni haqorat qildi

Dehqonobod tuman hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, 10 may kuni hokim Zoir Aliqulov aholi uchun qabul o‘tkazib, murojaatlarini tinglagan.

Hokim qabuliga kelgan fuqarolar ishsizlik, nafaqa olish, yer olish va boshqa masalalarda murojaat qilgan. 

Xabarda yozilishicha, qabulda Shuhrat Safarov boshchiligidagi oila ham moddiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Avvalroq «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidan 5 million so‘m moddiy yordam puli berilgani, ammo bu oilaning ishga layoqatli 5 nafar a'zosi uchun «hech nima» bo‘lmasligini, «svet» pulini ham to‘lamaganini, qorong‘ida o‘tirganini aytgan oila boshlig‘i Shuhrat Safarov bunda hokimni ayblab, uni haqorat qilgani aytilmoqda. 

Axborot xizmatining ma'lum qilishicha, oilaga moddiy yordam berilganidan tashqari, Shuhrat Safarovga tumanda qurilayotgan suv ombori qurilishidan, qizi Shohsanam Safarovaga Dehqonobod kaliy zavodidan kasanachilik bo‘yicha ishlar taklif qilingan. Biroq oila boshi ham, oilaning qizi ham taklif qilingan ishlarni rad etgan. 

«Murojaatchiga javoban hokim oilaga yana qanday yordam berishi mumkinligini so‘radi. Shuhrat Safarov boshchiligidagi oila esa hokimni tilga olib bo‘lmas so‘zlar bilan haqorat qilib, qabuldan chiqib ketdi», - deydi hokimlik axborot xizmati rahbari Otabek Qo‘ldoshev.

Top