22:10 / 18.05.2021
14314
O‘zbekistonda avtomobilga bo‘lgan talab oshmoqda

Aprel oyida avtomobil bozorida aholi talabi mart oyiga nisbatan 14 foizga oshdi. Bu karantin tufayli kechiktirilgan talab sifatida izohlanmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillari avtomobil bozorida talab ketma-ket uchinchi oy barqaror o‘sganini ko‘rsatmoqda. Bu haqda markaz matbuot xizmati xabar qildi.

Joriy yil aprel oyida avtomobil bozorida aholi talabi mart oyiga nisbatan 14,1 foizga oshib, ketma-ket uchinchi oy barqaror o‘sish sur'atlarini ko‘rsatmoqda.

Avtomobillar savdosining o‘sishi 2020 yil aprel oyiga nisbatan 355,9 foizni, 2019 yilning shu davriga nisbatan 19,6 foizni tashkil etdi.

2020 yil aprelida, birinchi karantin davrida ushbu ko‘rsatkich fevral oyiga nisbatan 75,8 foizga, mart oyiga nisbatan 63,1 foizga kamaygan edi.

Hisobot davrida ro‘yxatga va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni Toshkent shahrida (28,9 foiz), Buxoro (31,4 foiz), Surxondaryo (18,8 foiz), Samarqand (17,8 foiz) viloyatlarida tez sur'atlarda o‘sgan bo‘lsa, Jizzax (6,0 foiz), Xorazm (3,9 foiz) viloyatlarida pasayish kuzatildi.

2021 yil yanvar-aprel oylarida 59,6 mingta yangi avtomobil ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ularning 2,9 mingtasi (4,9 foizi) – «inomarkalar».

Chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar eng ko‘p sotilgan hududlar:

  • Toshkent shahri (yangi avtomobillarning 11,8 foizi);
  • Toshkent viloyati (5,6 foizi);
  • Samarqand viloyati (3,3 foizi);
  • Xorazm (2,7 foizi) viloyatlari.

«COVID-19 vaksinasining keng tatbiq etilishi va aprel oyida yengil avtomobillarning yuqori darajada sotilishi 2021 yilning qolgan qismida optimizmga sabab bo‘lmoqda.

Xulosa qilib shuni ta'kidlash kerakki, O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va avtomobillar bozorida keyinga qoldirilgan talab bilan belgilanadigan o‘sish kutilmoqda. Oldi-sotdi shartnomalari soni o‘sishda davom etadi va mahalliy rekordlar o‘rnatilishi mumkin, lekin narxlarda keskin o‘sish bo‘lmaydi», – deyiladi xabarda.

Avvalroq, joriy yil mart oyida avtomobilga bo‘lgan talab o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 47,4 foizga o‘sgani ma'lum qilingandi.

Top