23:37 / 22.05.2021
9888
Litva Xitoyning 17+1 blokini tark etdi va YeIning boshqa mamlakatlarini ham shunday qilishga chaqirdi

Hozirda YeIning 11 mamlakati: Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya, Estoniya, Gretsiya, Vengriya, Latviya, Polsha, Ruminiya, Slovakiya va Sloveniya ushbu blok a'zosi hisoblanadi.

Foto: Bloomberg

Litva Xitoy hamda Sharqiy va Markaziy Yevropa mamlakatlarining 17+1 shaklidagi blokidan chiqib ketdi. Bu haqda Litva tashqi ishlar vaziri Gabrielius Landsbergis ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Politico.

«Bundan buyon 17+1 degan tushuncha mavjud emas, chunki Litva unda yo‘q», — dedi Landsbergis.

Vazir shuningdek, Yevroittifoqning boshqa mamlakatlarini ham Xitoy tashabbusidan voz kechishga chaqirdi.

«Bizning nuqtayi nazarimizga ko‘ra, Yevroittifoqning bo‘lib tashlovchi 16+1 shaklidan birlashtiruvchi va samaraliroq bo‘lgan 27+1 shakliga o‘tish vaqti keldi.  YeI barcha 27 a'zo davlat birgalikda harakat qilganida eng kuchli hisoblanadi», — deya qo‘shimcha qildi Landsbergis.

Hozirda mazkur shaklda YeIning yana 11 mamlakati: Bolgariya, Xorvatiya, Chexiya, Estoniya, Gretsiya, Vengriya, Latviya, Polsha, Ruminiya, Slovakiya va Sloveniya qoldi. Xitoy Albaniya, Bosniya va Hersegovina, Shimoliy Makedoniya, Chernogoriya va Serbiyani ushbu tashabbusga qo‘shilishga undamoqda.

Ushbu shakl iqtisodiyot, savdo, fan va ta'lim sohalaridagi o‘zaro hamkorlik masalalarini qamrab oladi. A'zo mamlakatlarning birinchi sammiti 2012 yilda Varshavada o‘tkazilgan.

Top