19:37 / 26.05.2021
5424
Ra'no Shodiyeva: «O‘zbekistonda kar-soqovlar uchun surdo gidlar va surdo sharhlovchilar tayyorlanmasligi katta muammo»

Kecha, 25 may kuni Toshkent shahrida «Toshkent 5 tashabbus harakati» tadbirlari doirasida Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov va yoshlar o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir davomida «Mehrli qo‘llar» imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi rahbari Ra'no Shodiyeva O‘zbekistonda kar-soqovlar uchun surdo gidlar va surdo sharhlovchilarni tayyorlash taklifini bildirdi.

Unga ko‘ra, surdo gid mutaxassislar tayyorlanmasligi yurtimizga keladigan kar-soqovlar uchun qator muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Surdo sharhlovchilar yetishmasligi esa sportga qiziquvchi kar-soqovlarni jamiyatga to‘la moslashishiga, bu boradagi qiziqishlarini ro‘yobga chiqarishiga yo‘l bermaydi.

Aziz Abduhakimov markaz rahbarining bu taklifi jiddiy va juda muhim ekanligini ta'kidlagan holda, uning to‘la qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.

«Xorijga borganda ko‘ramiz, hamma joyda shunday mutaxassislar bor. Bunday mutaxassislarning kamligi – bu O‘zbekistonning juda katta kamchiligi. Siz yaxshi fikr berdingiz, biz bu borada katta bir dastur qilishimiz kerak.

Men Samarqand ipak yo‘li turizmi universiteti rektori sifatida hukumatga taklif kiritaman: bu yil shu OTMda surdo gid va surdo tarjimonlik yo‘nalishida kamida 5-10ta kvota olamiz.

Bu grant asosidagi kvotalar bo‘ladi. Shuni yoshlarimizga yetkazing. Kim lozim topsa, Samarqandga borib o‘qishi mumkin.

Men boshqa yo‘nalishdagi OTMlarda ham shu yo‘nalishga kvota ajratish bo‘yicha Oliy ta'lim vazirligiga iltimos kiritaman.

Surdo sport sharhlovchilarini tayyorlash borasidagi taklifingiz ham juda dolzarb. Bizda Rossiyaning Samarqanddagi Jismoniy tarbiya, yoshlar bilan ishlash va turizm universiteti bor.

Biz u yerda surdo sport sharhlovchilarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha 5ta kvota ajratamiz. Bunga va'da beraman», – deya Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top