09:08 / 26.05.2021
11493

Samarqandda maktab-internat tarbiyalanuvchilari kaltaklandi. Holatni Senat va viloyat hokimligi nazoratga oldi

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida joylashgan maktab-internatda tarbiyalanayotgan bolalar kaltaklangan. Bu holat Senat va viloyat hokimligi tomonidan nazoratga olingan.

Ma'lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Oqdaryo tumanida joylashgan 63-sonli ixtisoslashgan maktab-internatda tarbiyalanayotgan bolalar kaltaklangani tasvirlangan fotosuratlar tarqalgan. Shundan so‘ng holat Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Tegishli idoralarga ushbu masala qonuniy ko‘rib chiqilishi yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan.

«Shu kunlarda Internet ijtimoiy tarmoqlarida Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi 63-sonli ixtisoslashgan maktab-internatdagi ayanchli holat keng muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Unda maktab tarbiyalanuvchilarining yirtiq-yamoq kiyimdaligi, ayrim bolalarning ko‘z va yuz qismlari ko‘kargan holatdaligi fotolavhalari ko‘rsatilgan.

Mazkur holat Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Tegishli idoralarga ushbu masala qonuniy ko‘rib chiqilishi yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan», deyiladi Senat munosabatida.

Shuningdek, mazkur maktab-internatda bolalarning kaltaklanishi Samarqand viloyat hokimligi tomonidan ham nazoratga olingan. 25 may kuni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov maktab-internatga borib hodisani o‘rgangan.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Erkinjon Turdimov maktab-internatda bolalarga yaratilgan sharoitlar bo‘yicha mutasaddilarga o‘z e'tirozlarini bildirgan. Shuningdek, viloyat xalq ta'limi mutasaddilariga zudlik bilan mazkur maktab-internatda ta'lim olayotganlarning yashashi va o‘qishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida qator topshiriq va ko‘rsatmalar bergan.

O‘rganish yakunida muassasa direktori, uning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari hamda qator tarbiyachi va texnik xodimlarning faoliyati qoniqarsiz deb baholangan. Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi, tuman prokuraturasi va ichki ishlar bo‘limi tomonidan muassasadagi har bir holatga baho berilishi ma'lum qilingan.

Ushbu muassasani obod maskanga aylantirish, jamoada sog‘lom muhitni shakllantirish borasida berilgan topshiriqlar ijrosi hamda mutasaddilarning ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlari yuzasidan hisoboti bir haftadan so‘ng viloyat hokimligida muhokama etilishi belgilangan.

Qayd etilishicha, mazkur maktab-internatdagi holat yuzasidan ishchi guruh tuzilib, o‘rganish ishlari boshlangan. Faoliyati davomida mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan mas'ullar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan. Maktab-internatda bolalarning kaltaklanishi hodisasi bo‘yicha huquqni himoya qiluvchi organlar tomonidan amaldagi qonunchilikka muvofiq surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Top