14:20 / 28.05.2021
3949
«Falaj bolalar uchun ayniqsa zarur» - o‘z ixtirosi boshqalarga asqatishini istayotgan yurtdoshimiz

Mirzoakbar Xalilov 65 yoshda. U nogiron bolalar va o‘smirlar harakatlanishi uchun turli moslamalar yasash bilan shug‘ullanadi. Aytishicha, agar bu moslamalar tizimli ravishda ishlab chiqarilsa, juda ko‘pchilikning og‘iri yengil bo‘lishi mumkin.

Hamyurtimiz Kun.uz ofisida bo‘lib, o‘zi yasagan moslamalardan biri bilan tanishtirdi.

– Mirzoakbar aka, bu qanday moslama va uning yasalishiga nima turtki bo‘ldi?

– Bu DsP (bolalar tserebral falaji) kasalligiga duchor bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning harakatlanishiga yordam beradigan qurilma. Ruschasiga bu xodunok deb ataladi. Xodunoklar dorixonalarda, do‘konlarda hozir ham bor. Lekin ular endi yuradigan bolalarga mo‘ljallangan; kattaroq, vazni og‘irroq bolalarga mos emas.

Endi nima turtki bo‘lganiga kelsak, mening ham ikki qizim bor, nogiron. Ularni shifo izlab, turli joylarga ko‘tarib borganman, shunday bemorlarga ko‘p duch kelganman. Ularning og‘irini yengil qilish bo‘yicha 5-6 yildan beri o‘ylanaman, shunaqa moslamalar yasab, takomillashtirish bilan shug‘ullanaman.

Xorijdan kelgan shunga o‘xshash mahsulotlar bor, lekin juda qimmat. Xodunoklar 3 ming dollargacha, elektron aravachalar 10 ming dollargacha. Agar men ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib olsam, 2 mln so‘m atrofida tayyor mahsulot taqdim qilishim mumkin.

– Buni tizimli ravishda ishlab chiqarish mumkinmi? Bunga nima to‘siq bo‘lyapti va ishlab chiqarilsa, sotilishi muammo bo‘lmaydimi?

– Bu moslamani ijaraga olgan ustaxonamda ishlab chiqaraman. Agar menga ustaxona berilsa, subsidiya ajratilsa, bir hafta ichida tizimli ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishim mumkin. Bu mahsulotga talab katta, mendan ko‘p so‘rashadi. Xorijdan kelgan shunga o‘xshash mahsulotlar bor, lekin yuqorida aytganimdek juda qimmat.

Bu masala bo‘yicha juda ko‘p vazirliklarga murojaat qildim, hatto «Vaqf» fondiga ham bordim. Hammalariga bu juda zarurligini, ish o‘rinlari ham yaratishimni, ishchilarning ham ko‘pchiligini jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar tashkil qilishini tushuntirdim. Hammalari maqtashadi, yaxshi loyiha o‘ylaganimni e'tirof etishadi, yordam berishlarini aytib, chiroyli qilib kuzatib qo‘yishadi. Ammo biror amaliy ko‘mak bo‘lmadi hozircha...

– Vodiylik yana bir havaskor usta plastmass quvurlardan shu kabi moslama yasayotgani haqida lavha tayyorlagandik. U oson va tez yasalishi bilan tilga tushdi, siznikining qanday afzalliklari bor?

– Ayrim nogironlar harakatsizlik tufayli tez et oladilar. Men yasagan moslama 50 kg.gacha yuk ko‘taradi va harakatlanish imkonini beradi. Qolaversa, buning balandligini oshirish mumkin, ya'ni bola o‘sgani sari moslashib boraveradi. Metalldan ishlangani uchun pishiq, ammo qo‘l-oyoqlar tegadigan joylariga yumshoq materiallar qoplangan.

– Bemor bolalarni parvarishlayotgan ota-onalarga nimalar degan bo‘lardingiz?

– Nogiron, xususan DsP bo‘lgan bolalarga ota-onalar kuniga ko‘pi bilan 2 soat vaqt ajrata olar ekanlar. Chunki hammada ham tirikchilik, ro‘zg‘or tashvishlari bor. Bu moslama shu ota-onalarga ozgina yordam bersa, men xursand bo‘laman.

Yoshim ham 65 ga chiqdi, shogirdlar tayyorlab, ishimni topshirsam deyman. Vaqti kelib shogirdlarim duo qilib eslashlarini istayman.

Ota-onalarga murojaatim, bunday bolalarni maxsus shifoxonalarga topshirmang, ularga sizning mehringiz zarur. Ularni faqat siz oyoqqa turg‘iza olasiz.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Tasvirchi – Muhiddin Qurbonov.

Top