Toshkent yo‘llari nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay emasligi, shaharda to‘siqsiz muhit yaratilmaganiga hamma ham e’tibor beravermaydi. Chunki aksar salomat odamlar barchamiz kabi teng huquqlarga ega nogironlar haqida yilda bir-ikki marta, nogironlarni ko‘rgandagina o‘ylashi mumkin. Ko‘chalarda esa nogironlarni deyarli uchratmaysiz. Yo‘q, nogironlar kamligi uchun emas, ularga ko‘chalarda harakatlanish uchun sharoit yo‘qligi sabab.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istonda amaldorlar yo‘l quruvchilari bilan birga nogironlar aravachasiga o‘tirib, ko‘chalar nogironlar uchun qanchalik qulayligini ko‘zdan kechirishi tasvirlangan video odamlar orasida keng muhokama qilindi.

Biz ham mana shu videodan ilhomlanib, mansabdor shaxslar bilan bo‘lmasa-da, bir necha yillardan beri aravachada harakatlanuvchi qahramonimiz Farrux Abdurahmonov bilan poytaxt ko‘chalarida bo‘ldik.

15 yildan buyon aravachada harakatlanayotgan suhbatdoshimizning aytishicha, shu vaqtgacha Toshkent ko‘chalari nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilmagan: «Men yordamchimsiz ko‘chaga chiqa olmasdim. Ayolim ham deyarli tashqariga chiqmaydi, chunki u ham aravachada yuradi va ko‘chaga chiqishi uchun 3-4 kishi yordam berishi kerak», deydi qahramonimiz.

Farrux Abdurahmonov bilan turli manzillarda bo‘ldik. Ilk tajriba Yashnobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasida Islom ota masjidiga yetmay joylashgan yerusti o‘tish yo‘lida bo‘ldi.

Islom ota masjidi yaqinidagi pandus

Mazkur yo‘l o‘tkazgichi deyarli standartlarga mos ravishda qurilgan, unga zinalar va panduslar o‘rnatilgan. Ammo afsuski, aravachada harakatlanadigan insonning chiqishi uchun qulay emas. Nogiron inson birovning yordamisiz yo‘lning narigi tarafiga o‘ta olmaydi. Farrux Abdurahmonov bu pandusga 3 daqiqa 47 soniya deganda chiqa oldi. Shunda ham yolg‘iz o‘zi emas, boshqa insonning ko‘magi bilan.

«Bu pandusning usti yopilmagan, nogironlar qor yoki yomg‘irda undan chiqolmaydi, sirpanchiq bo‘lib qoladi. Shuncha pul sarflagandan ko‘ra, muammoni bitta lift bilan hal qilsa bo‘lardi. Nogiron inson bu pandusga chiqqandan ko‘ra, yo‘lni kesib o‘tishni ma’qul ko‘radi», deydi suhbatdosh.