13:34 / 31.05.2021
2245
Nukusda er-xotin salkam 1 mlrd so‘m mablag‘ni talon-toroj qilib yubordi

Departamentning Nukus shahar bo‘limi tomonidan “Nukus Capital Construction” MChJda tekshiruv o‘tkazildi. Tergovga qadar tekshiruv natijasida qator qonunbuzilish holati aniqlangan.

Jumladan, ushbu MChJni boshqarib kelayotgan P.B. “Xalq banki” Taxiatosh filiali tomonidan 2018 yilda 8 mlrd 900 mln so‘m 2019 yilda esa 1 mlrd so‘m kredit mablag‘i ajratilgan. U shular hisobidan Taxiatash tumani Mustaqillik ko‘chasida joylashgan 5 qavatli 56 xonadonli turar joy binosini qurish ishlarini amalga oshirgan. 

Ammo ushbu turar joy binosida qurilish ishlari to‘liq bajarilmagan bo‘lsada, bajarilganligi haqida rasmiy qilingan. Hujjat hisob-fakturalarga bila turib soxta ma'lumot va yozuvlar kiritib, jami 845,6 mln so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Bundan tashqari, P.B. turmush o‘rtog‘i G.N.ning nomiga “Quandiq-Bek” MChJni tashkil qilib, ushbu jamiyatni o‘zi boshqarib kelgan. 2020 yil yakuni bo‘yicha Nukus shahar DSIga topshirgan soliq hisobotlarida 1881,9 mln so‘m soliq hisoblash bazasini qasddan kamaytirib ko‘rsatgan. 282,2 mln so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan departamentning Nukus shahar bo‘limi tomonidan “Nukus Capital Construction” hamda “Quandiq-Bek” MChJlari mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ishni Nukus shahar prokuraturasi ko‘rib chiqmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin ham Nukus va Amudaryoda kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holati aniqlangandi.

Top