14:32 / 02.06.2021
12372
Koronavirusga qarshi kurashga 80 trln so‘m mablag‘imiz ketdi, lekin bu pulga achinmayman – Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida viloyat faollari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar qildi.

“Xudo bergan shuncha suvimiz turibdi, lekin xalqqa yetkazib bera olmayapmiz. Quyoshdan energiya olyapmiz, endi bu tomonini ham to‘g‘rilab qo‘yaylik. Suv ta'minotini bosqichma-bosqich amalga oshirishimiz kerak. “To‘palang” suv ombori katta qiyinchiliklar bilan barpo qilingan, endi Surxondaryo xalqiga xizmat qilishi kerak. [Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy] Ramatov, bu loyihaga, ya'ni “To‘palang”dan aholiga suv yetkazib berishga shaxsan javobgar bo‘lasiz.

Bu xalq uchun ajratilayotgan mablag‘, har bir so‘mi uchun so‘rov qattiq bo‘ladi. Shuncha qiyinchiliklarga qaramay, bu mablag‘ni topib beryapmiz. Agar pandemiya bo‘lmaganida edi, imkoniyatlarimiz yanada ko‘proq bo‘lardi. Koronavirusga qarshi kurashga 80 trln so‘m mablag‘imiz ketdi. Lekin bu pulga achinmayman, xalqimizni imkon qadar asrab qoldik. Demak yangi loyihalar uchun ajratilayotgan bu mablag‘larning so‘rovi bo‘ladi. Oqsoqollar, “Bolam, nima qilyapsan?” deb rahbarlarni tergab turinglar.

Endi halol ishlagan rahmat oladi, o‘g‘rilik qilgan la'nat oladi. O‘z hududida la'nat olib, sharmanda bo‘ladi”, – dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbarining Surxondaryoga tashrifi chog‘ida aholi murojaatlari orasida suv ta'minoti muammosi ko‘p ko‘tarilgan, prezident bu masala yechimi sifatida “To‘palang” suv omboridan bosqichma-bosqich suv tortib kelish rejalashtirilayotganini bildirgan edi.

Loyiha hayotga tatbiq etilganidan so‘ng 2,5 mln kishilik Surxondaryo viloyati aholisi toza ichimlik suvi bilan ta'minlanadi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top