O‘zbekiston | 19:04 / 25.04.2023
7064
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Rossiya sanoat va savdo vazirini qabul qildi

O‘zbekiston prezidenti Rossiyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 25 aprel kuni shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan «Innoprom. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasida Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Rossiya hukumati raisining o‘rinbosari, sanoat va savdo vaziri Denis Manturovni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilingan. Davlat rahbari 35 mamlakat biznesining 5 ming nafardan ziyod vakili ishtirokidagi «Innoprom» forumi muvaffaqiyatli tashkil etilgani va o‘tkazilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Shuningdek, tovar ayirboshlash sur’atini saqlash va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Ikki mamlakat hududlarining amaliy sherikligini yanada rivojlantirish va hamkorlikni aniq loyihalar bilan boyitish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi. Misol tariqasida joriy haftada Jizzax viloyatida texnologik park ishga tushirilgani qayd etildi.

Loyiha ofisi faoliyati doirasida, shu jumladan energetika, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika kabi yo‘nalishlarda va boshqa tarmoqlarda investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Sanoat ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlashda Rossiya tajribasini joriy etishga qiziqish bildirildi hamda qo‘shma loyihalarni ilgari surishning institutsional mexanizmlarini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Mavzuga oid