11:20 / 14.06.2021
31775
Germaniyaning «Buxoro»siga sayohat (foto)
Foto: UzbekLife

Yaqinda rafiqam bilan Italiyaga sayohat qilganimiz haqida yozgan edim. Italiyadan keyingi manzilimiz Germaniya bo‘ldi. Mamlakatga sayohat uchun borsangiz, Lyubek shahriga ham tashrif buyurishni tavsiya qilaman. Chunki shaharga amalga oshirgan sayohatim menda katta taassurot qoldirdi. Har doimgidek UzbekLife uchun shahardan fotoreportaj tayyorladim.

Germaniyaning shimolida joylashgan ushbu shaharning markaziy qismi UNESCO tashkilotining Butunjahon madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Shahar markazi asosan XII—XIX asrlarda qurilgan tarixiy binolar bilan qoplangan. Tarixiy binolarning aksariyati hozirga qadar saqlanib qolgani sababli markazni kezar ekansiz, o‘zingizni o‘rta asrlarga tushib qolgandek his qilasiz. Faqat bir jihati bor: shahar ko‘chalari tor, undagi binolar bir-biriga yaqin bo‘lgani sababli kattaroq inshootlarni to‘liqligicha suratga olish biroz qiyin bo‘lishi mumkin.

Eski shahardagi odatiy zinasimon fasadli turar joy binolari

Shaharga kirish

O‘rta asrlarda shahar to‘rt darvozaga ega bo‘lgan, hozirda ularning ikkitasi saqlanib qolgan: Holstentor darvozasi (1464 yil) va Burgtor darvozasi (1444).

Holstentor darvozasi, surat shaharning ichki tomonidan olingan

Gotika uslubida g‘ishtdan qurilgan Holstentor darvozasi shaharning ramzi hisoblanadi. Darvoza ark shaklida bo‘lib, uning ikki yonida aylana minora joylashgan. Darvoza 1987 yilda Butunjahon madaniy merosi obektlari ro‘yxatiga kiritilgan. 

Suvbo‘yi manzaralari

Eski shahar yonidan o‘tgan Elba-Lyubek kanali shaharga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlaydi. Kanal bo‘yida joylashgan tarixiy binolar suvda akslanib, o‘ziga xos ko‘rinish hosil qiladi.

Elba-Lyubek kanali bo‘yidagi inshootlar; ko‘rinib turgan uchli baland minoralar Lyubek soboriga tegishli
Elba-Lyubek kanali bo‘yidagi turar joy binolari
Elba-Lyubek kanalining qarama-qarshi qirg‘og‘i va Lyubekning eski shahar qismini bog‘lovchi ko‘priklardan biri 

Hozirga qadar saqlanib qolgan eng qadimiy ijtimoiy muassasa

Eski shaharda hozirga qadar saqlanib qolgan dunyodagi eng qadimiy ijtimoiy muassasalardan biri – Muqaddas ruh gospitali mavjud. Gospital XIII asrda shahar savdogarlari tomonidan bemorlar, yetimlar, keksalar va kambag‘allar uchun bunyod etilgan. Gospital kichik kabinalardan iborat bo‘lib, unda boshpana topganlar shu kabinalarga joylashtirilgan va ularga rohiblar g‘amxo‘rlik qilgan.

Muqaddas ruh gospitali, old tomondan ko‘rinishi

Gospitalga qabul qilinganlar kuniga yetti marta ibodat qilish majburiyatini zimmasiga olgan. Buning evaziga ularga boshpana, ovqat va XVII asrdan boshlab yiliga 8 marta iliq hammomda yuvinish imkoniyati taqdim qilingan. Gospitalga qabul qilinganlarning oxirgilari 1970 yilgacha binodagi kabinalarda istiqomat qilgan. Hozirda bino tarixiy inshoot sifatida saqlanadi. 

Lyubek – Germaniyaning «Buxoro»ci

Lyubek shahrining markazini Buxoro shahrining eski shahar qismiga qiyoslasa bo‘ladi.

Birinchidan, mazkur eski shaharlarning har ikkalasini ham piyoda aylanib chiqsa bo‘ladi. Binolar, obidalar va diqqatga sazovor joylar bir-biriga yaqin joylashgan.  

Eski shahar ko‘chalaridan biri  

Ikkinchidan, har ikkalasida ham o‘rta asrlardan to XIX asrgacha bo‘lgan davrdagi inshootlarning anchasi hozirga qadar saqlangan.

An'anaviy zinasimon fasadli binolardan biri  

Uchinchidan, har ikkala eski shahar ham to‘liq UNESCO tashkilotining Butunjahon madaniy merosi obektlari ro‘yxatiga kiritilgan.  

Eski shahardagi nisbatan yangiroq binolar joylashgan ko‘chalardan biri
Zinasimon fasadli turar joy binolari

Haybatli ibodatxonalar

Lyubekning eski shahar qismida 5ta ibodatxona joylashgan: Lyubek sobori, Avliyo Giles ibodatxonasi, Avliyo Meri, Avliyo Peter va Avliyo Yakob cherkovlari.

Shahardagi ibodatxonalar nihoyatda baland va haybatli ekani bilan ajralib turadi. Masalan, Lyubek soboridagi minoralar balandligi qariyb 130 metrni tashkil qiladi.

Ibodatxonalar shu qadar haybatli ekani, o‘rta asrlarga xos tor ko‘chalar sababli ularni yaqinroqdan to‘liq suratga olish imkonsiz.  

Avliyo Peter cherkovi minoralari 
Avliyo Peter cherkovi, orqa tarafdan 
Avliyo Peter cherkovi minoralarining oldidan ko‘rinishi 
Lyubek sobori minoralari 

Maqsud Salomov,

UzbekLife kolumnisti

Top