22:12 / 14.06.2021
36663
«Mijoz – bank uchun»: Odamlar nega hali ham valutafurushlarga murojaat qilyapti?

Bir qarashda, valuta bozori liberallashtirilganidan keyin, valutafurushlar keskin kamayib ketishi kerakdek edi. Axir banklar valutaning bozor kursini taklif qilib turganda, o‘zini xatarga qo‘yib noqonuniy «valyutchik»ka murojaat qilish kimga kerak? Biroq unday bo‘lib chiqqani yo‘q.

Illyustrativ foto

Legallashmagan valutafurushlar saqlanib qolayotganiga sabablar bir nechta. Birinchidan, noqonuniy pul aylanmasi ishtirokchilari orasida qora bozorga ehtiyoj o‘sha-o‘sha. Ikkinchidan, bank shoxobchalari yetarli emas, borlari ham shanba-yakshanba kunlari ishlamaydi. Uchinchidan esa banklar hamon davlat boshqaruvida qolyapti, natijada mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati past.

Quyida, bugun Ipoteka bank Chilonzor filiali kassasidagi holat misolida ana shu uchinchi sabab haqida to‘xtalmoqchiman.

Filial kassasiga valuta ayirboshlash, plastik karta orqali AQSh dollari sotib olish uchun bordim. Bir qarashda hammasi risoladagiday, tiket olasiz, navbatingizni kutasiz. №82 raqamni olib kuta boshladim. 10 minut, 15 minut... Mavjud oltita kassaning to‘rttasi ishlab turgan bo‘lsa-da, harakat juda sust.

Men kelganda 62-mijozga xizmat ko‘rsatilayotgan bo‘lsa, o‘rtadagi 20ta navbatda turganlarning kamida o‘ntasi ketib qolgani ma'lum bo‘ldi va buning sababi ham ayon edi – yarim soatlab kutish kimga yoqadi? 4 ta kassa 10 kishiga kamida 25 minut xizmat qilganidan keyin navbatim keldi.

Kassir qiz dastlab pasportimda bir muammo borligini aytdi. Ya'ni ularning tizimida pasportim propiskasi boshqacha ekan. Qayergadir qo‘ng‘iroq qildi va u tomon ma'lum vaqt o‘tganidan keyin mening yangi propiskamni tasdiqladi. Qiziq, u bank doirasidagi qanday tizimki, qo‘lida turgan, propiskasi aniq hujjat tan olinmaydi?! Men uy sotmayapman, xorijga chiqib ketmayapman. Umuman, valuta sotib olishda propiskaning qanday ahamiyati bor?

Baxtimga bu muammo yechildi. Ammo, xodim kartamdan pulni yechib olganidan keyin «Sistema ishlamay qoldi, kuting» dedi. «Mayli, kartadan yechib oldingiz, endi sistema kerak emas, pulimni bering, ketaveray», desam:

– Sistemadan chek chiqarishim kerak, siz unga qo‘l qo‘yganingizdan keyin pulingizni beraman, – deya javob berdi.

– Xo‘p, pulni yechib oldingiz, sistemangiz ishlamasa-chi, men kutaveramanmi, – so‘radim diqqat bo‘lib.

– Ishlaydi, faqat sabr qilib kutib turing. Qachonligini bilmaymiz.

Yana biroz kutish va asabiylashishdan keyin tizim ishladi (yoki ishlatishdi), to‘rtta qog‘ozga imzo chekib, pulni oldim. Bu paytga kelib yana kamida 20-25 kishilik navbat hosil bo‘lgan, asosan valuta ayirboshlashga kelganlar asabiylashib chiqib ketishardi.

Qandaydir izoh olish uchun rahbariyat bilan uchrashtirishlarini so‘raganimda boshqaruvchi o‘rinbosariga ro‘para qilishdi. O‘zini Obid Azimov deb tanishtirgan o‘rinbosarga savol bilan yuzlandim:

– Bitta mijozga o‘rtacha qancha vaqtda xizmat ko‘rsatasizlar?

– 10 minut atrofida.

– 40 minut kutdim, bu orada o‘nlab mijozlar ketib qolishdi. Bu bank xizmati uchun oddiy holatmi?

– Bizda hozir transformatsiya jarayoni ketyapti, kassalar universallashtirilyapti, shuning uchun cho‘zilgan bo‘lishi mumkin.

Javob hayratlanarli, transformatsiya qanday yangilikki, ishni tezlashtirish o‘rniga sekinlashtirsa?

Obid Azimov bilan birga kassa oldidagi mijozlar kutish zaliga ham bordik. Ipotekabank mijozlar ko‘payayotganidan xursand emasga o‘xshaydi. Zaldagilarning o‘zlari kamida yarim soat kutayotganlarini bildirishdi. Bir mijoz esa boshqaruvchi o‘rinbosariga o‘g‘lining kontraktiga to‘lash uchun yevro sotib olishda cheklovlarga duch kelganini aytdi.

Qator savollar tug‘iladi: Ipotekabank va umuman banklar har qanday operatsiyalar bu xizmat ekani va buning uchun to‘lov undirayotganlarini unutib qo‘yishmaganmi?

Bugungi hisob bo‘yicha bank har 100 dollardan o‘rtacha 8 ming so‘m foyda qilmoqda (10570/10650). Birgina men amalga oshirgan operatsiyadan ham 150 ming so‘m atrofida daromad ko‘rdi. Lekin nega mijozlarning ishini tezkor bitirish choralarini ko‘rmaydi?

Katta ehtimol bilan bu maqolani o‘qigan bank vakillari shu paytda mijozlar ko‘p bo‘lganini, xodimlar turli sabablarga ko‘ra ishda bo‘lmagani, har bir odamga tizim orqali xizmat ko‘rsatish uchun ma'lum vaqt talab qilinishini ro‘kach qilishadi. Lekin pulini to‘lab turgan mijozga nima farqi bor? Uning uchun eng muhimi ishi tezroq bitishi emasmi?

Aslida muammo bu banklarda ham emas, tizimda. Biz ham bundan deyarli 5 yil oldin erishgan yutug‘imiz eyforiyasi bilan yuribmiz. Valutani bankda legal ayirboshlash yo‘lga qo‘yildi, juda yaxshi, lekin bu ish byurokratiya va sust ishlashga o‘ralashib qoldi.

Valuta ayirboshlash – rivojlangan davlatlarda tovar oldi-sotdisining bir shakli, tadbirkorlar litsenziya olib u bilan shug‘ullanishi mumkin. Xizmat ko‘rsatuvchi esa foyda hisobiga xaridorga mijozga qulaylik yaratishga intiladi.

Qora bozorni qo‘rqitish, jazo yoki ma'muriy buyruqbozlik bilan yo‘qotishga urinish 30 yil foyda bermadi, endiyam bu usullardan naf yo‘q. Yechim esa banklarni xususiylashtirishni tezlashtirish. Transformatsiya atalmish jarayon xuddi xususiylashtirishni paysalga solish uchun o‘ylab topilgandek ko‘rinadi ham ba'zida.

Faqat «noshukurlik qilma, oldin shu ham yo‘q edi-ku» deya og‘izga urishga shoshilmang. Agar insoniyat oldingi yutuqlari bilangina cheklanib yuraverganida taraqqiyotdan asar ham qolmasdi.

Abror Zohidov

Top