Jahon | 13:14 / 15.06.2021
13745
13 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar uchun 30 kunlik vizasiz rejim, Malayziya viza turlari va olish tartibi haqida

UzbekLife vizalar mavzusini davom ettiradi. Mazkur maqola orqali Malayziya vizalari turlari, ularni olish tartibi, kerakli hujjatlar, shuningdek, viza berishdagi imtiyozlar va talablar xususida so‘z yuritamiz.

Barcha davlatlarda bo‘lgani kabi Malayziyaga tashrif buyurishni istagan xorijiy fuqarolar ushbu mamlakatga kirish uchun viza olishlari talab etiladi. Hozirda Malayziyaga sayohat qilish uchun turli xildagi vizalar mavjud. Malayziyaga sayohat uchun zarur bo‘lgan viza turi shaxs fuqaroligi va safarining maqsadiga bog‘liq bo‘ladi. Barcha chet ellik mehmonlar kirish portiga yetib borganlaridan so‘ng yaroqlilik muddati kamida olti oy bo‘lgan pasportga ega bo‘lishlari shart.

Malayziyaga bir martalik kirish vizasi

Malayziya ijtimoiy tashrif (turizm) maqsadida mamlakatga kirishni istagan chet el fuqarolariga yagona kirish vizasini taqdim etadi. Nomidan ham ma'lumki, ushbu viza egasi mamlakatga faqat bir marta kirish huquqiga ega bo‘ladi. Malayziyaga bir martalik kirish vizasi berilgan kundan boshlab uch oygacha amal qiladi.

 Malayziyaga ko‘p martalik kirish vizasi (eVisa)

Malayziyaga ko‘p martalik kirish vizasi biznes yoki hukumatlararo masalalar bilan mamlakatga kirishi zarur bo‘lgan chet el fuqarolariga beriladi. Tasdiqdan o‘tgach, ushbu viza chiqarilgan kundan boshlab uch oydan o‘n ikki oygacha bo‘lgan muddat davomida amal qiladi.

Ijtimoiy tashrif (sayyohlik) maqsadida Malayziyaga tashrif buyurishni istagan Hindiston va Xitoy fuqarolari ham Malayziyaga ko‘p martalik kirish vizasini olish huquqiga ega. Ushbu viza turi bilan Malayziyaga kirishda viza egasiga 30 kunlik muddat beriladi. Shuni ta'kidlab o‘tish kerakki, ushbu muddatni uzaytirish mumkin emas.

Ko‘p martalik kirish vizasi uchun talablar va shartlar:

-        Ariza beruvchi Malayziyada qolish uchun yetarli mablag‘ mavjudligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi shart;

-        ariza beruvchidan qaytish reysi talab qilinadi;

-        turistik guruhlar ushbu viza turini olish huquqiga ega emas.

 Tranzit viza

Tranzit viza boshqa mamlakatlarga tranzit bilan kirishda Malayziya hududidan o‘tadigan sayohatchilar olishi kerak bo‘lgan viza turi sanaladi. Ammo agar sayohatchi aeroportdan chiqmasa, undan tranzit viza olish talab qilinmaydi. Tranzit viza shaxs aeroportni tark etadigan hamda qisqa vaqt ichida Malayziyada qoladigan hollarda kerak bo‘ladi. Malayziyaga vizasiz kirish rejimidan ma'lum bir mamlakatlar bahramand bo‘lmagani uchun Kuala-Lumpur xalqaro aeroporti orqali tranzit paytida 120 soatgacha bo‘lgan vaqt davomida bepul tranzit yo‘llanmasi olinishi mumkin. Bunda asosiy 2 ta shart – sayohatchining Kuala-Lumpurdan uchib ketish chiptasi bo‘lishi kerak hamda parvoz Air Aisa yoki Malaysia Airlines aviakompaniyalari tomonidan amalga oshirilishi lozim.

Malayziya tibbiy eVisa’si

Malayziya tibbiy eVisa tibbiy davolanish, muolajalar yoki xizmatlar uchun Malayziyaga borishni istagan bemorlar uchun beriladi. Malayziya tibbiy vizasiga onlayn tarzda muvaffaqiyatli ariza berish uchun ariza beruvchilar bir qancha talablarga javob berishlari kerak. Bular orasiga Malayziya sog‘liqni saqlash sayohat kengashi(MHTS)ga a'zo kasalxonada tibbiy ko‘rikdan o‘tish va bu to‘g‘ridagi ma'lumotnomani topshirish ham kiradi.

Bemorlar Malayziya tibbiy eVisa’sidan foydalangan holda mamlakatda 30 kungacha qolishlari mumkin. Chet ellik bemorlar eVisa’dan faqatgina Malayziyaning tasdiqlangan xususiy shifoxonalari va sog‘liqni saqlash vakillarida tibbiy ko‘riklarni band etishda foydalanishlari mumkin. eVisa egalari jamoat sog‘liqni saqlash tizimidan foydalana olmaydi.

Ariza beruvchilar tibbiy eVisa’ga mo‘ljallangan sayohat kunidan kamida 14 ish kun oldin murojaat qilishlari kerak. eVisa Malayziyaga bir martalik, yakka tartibda kirishga ruxsat beradi va ariza beruvchining pasporti taqdim etilgan kundan boshlab 3 oy davomida amal qiladi.

 Malayziya vizasini olishga imkon beruvchi turlicha imtiyozlar

Malayziyada istiqomat qilishni istagan chet el fuqarolari kirish ruxsatnomasini olish uchun hujjat topshirishlari mumkin. Shu bilan birga, ushbu ruxsatnomani olish mumkin bo‘lgan muayyan toifa vakillari hamda mezonlar mavjud.

Bular quyidagilardir:

  • Investorlar va mutaxassislar;
  • kasb egalari;
  • Malayziya fuqarosining turmush o‘rtog‘i va 6 yoshdan kichik bo‘lgan farzandi yoki farzandlari;
  • ball tizimi.

Har bir toifaga mansub bo‘lishning o‘z aniq talablari mavjud. Xususan, investor deb tan olinish uchun quyidagi talablar qo‘yilgan:

-        Malayziyaning istalgan bankida kamida 2 million AQSh dollari miqdorida muddatli depozitga ega bo‘lgan shaxs investor hisoblanadi. E'tiborga olish muhimki, ushbu depozitdan faqat besh (5) yildan keyin pul yechib olishga ruxsat beriladi.

-        shuningdek, xorijiy investorning bitta (1) malayziyalik homiysi bo‘lishi ham kerak.

Mutaxassis sifatida e'tirof etilish uchun zaruriy belgilar:

-        Sohaviy iste'dod va mahoratga ega inson;

-        Malayziyadagi tegishli idora tomonidan berilgan tavsiyaga ega bo‘lish;

-        o‘z mamlakatidan yaxshi xulq-atvor sertifikatiga ega bo‘lish talab etiladi;

-        bitta (1) malayziyalik homiysi bo‘lishi.

Kasb egalari ham mutaxassis kabi belgilarga ega bo‘lishdan tashqari, Malayziyadagi har qanday davlat idorasida yoki xususiy kompaniyada kamida uch (3) yil ishlagan va Malayziyadagi tegishli idora tomonidan sertifikatlangan bo‘lishi lozim.

Turmush o‘rtoq va bolalar uchun:

a) Malayziya fuqarosi bilan turmush qurgan bo‘lishi lozim;

b) uzoq muddatli tashrif pasporti berilgan va mamlakatda doimiy ravishda besh (5) yil davomida yashagan;

s) “Surat Akuan Perkahvinan” (nikoh qayd etilganligi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma) taqdim etish;

d) malayziyalik turmush o‘rtog‘i homiysi bo‘lishi zarur;

e) 6 yoshdan kichik farzand yoki farzandlar uchun malayziyalik ota-ona homiy bo‘lishi kerak.

Ball tizimi

Ushbu tizimning mazmuni shundan iboratki, siz Malayziya vizasidan birini olish arizasini topshirish uchun umumiy 120 balldan kamida 65 ball to‘plashingiz kerak. Bunda ballar quyidagi kategoriyalar bo‘yicha mavjud sifatlarga qarab belgilanadi:

1.    Yosh;

2.    Malaka;

3.    Malayziyada bo‘lish muddati;

4.    Malayziya instituti bilan tanishish;

5.    Kiritilgan investitsiya qiymati;

6.    Malayziyada ish tajribasi;

7.    Malay tilini bilish darajasi.

Masalan, siz 36 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lsangiz, siz yoshroq yoki kattaroq yoshdagi nomzodlardan yuqori ball to‘playsiz. Doktorlik darajasi magistr yoki bakalavr darajasidan yuqori ekanligi ham shular jumlasidan.

Malayziya Immigratsiya Departamentining veb-saytida kirish uchun ruxsat olishga ball tizimi kalkulyatori bilan ballaringizni hisoblashingiz mumkin.

Ball tizimiga ariza berish uchun bosqichma-bosqich qadamlar tashlanadi:

  • Kirish ruxsatnomasi uchun Malayziya Immigratsiya Departamentiga ariza topshiriladi;
  • Ariza topshirish Malayziyada amalga oshiriladi;
  • Barcha arizalar uchun shaxsiy rezyumelar biriktiriladi;
  • Ariza topshirilgandan so‘ng, ariza beruvchi Politsiya tekshiruvi sharti bilan Immigratsiya Departamentida bo‘lib o‘tadigan suhbatda qatnashadi;
  • Malayziyadagi tegishli idoraning tavsiyasi olinadi.

        Vizasiz kirish rejimi

Malayziyaga sayyohlik maqsadida kirish uchun sobiq SSSR mamlakatlari fuqarolari uchun quyidagi muddatlarda viza talab qilinmaydi:

  • Rossiya – 30 kun
  • Belarus – 30 kun
  • Qozog‘iston – 30 kun
  • Qirg‘iziston – 90 kun
  • Turkmaniston – 90 kun
  • Estoniya – 90 kun
  • Latviya – 90 kun
  • Litva – 90 kun
  • Armaniston – 30 kun
  • Ozarboyjon – 30 kun
  • Gruziya – 30 kun
  • Moldova – 30 kun
  • Tojikiston – 30 kun
  • Ukraina – 30 kun
  • O‘zbekiston – 30 kun

Malayziyaga kirish uchun yuqorida sanab o‘tilgan mamlakatlar fuqarolariga pasport, qaytish chiptasi yoki uchinchi davlatga chiqish chiptasining o‘zi yetarli. Kirish tartibi nihoyatda sodda: hujjatlarni tekshirgandan so‘ng pasportga shtamp qo‘yiladi va stiker yopishtiriladi. Bunday shtamp Malayziyaning barcha chegara o‘tish joylarida (quruqlik, aeroportlar, portlar) joylashtirilgan.

Mamlakatga vizasiz kirish uchun Malayziya migratsiya talablariga binoan, ushbu mamlakatga tashrif buyurayotgan xorijiy fuqarolar quyidagilarni taqdim etishlari shart:

§  mazkur davlatga kirgan sanadan boshlab amal qilish muddati 6 oydan kam bo‘lmagan fuqarolik pasporti yoki harakatlanish hujjati,

§  Malayziya hududida bo‘lishlari uchun yetarli moddiy mablag‘ga ega ekanliklarini isbotlashlari,

§  qaytish yoki uchinchi davlatga borish chiptasi.

Malayziyaga kirishdan oldin majburiy emlash talablari mavjud emas. Kelgandan so‘ng pasport nazoratidan o‘tmasdan oldin ingliz tilida oddiy immigratsion kartani to‘ldirishingiz kerak (uni mamlakatni tark etgunga qadar o‘zingizda saqlashingiz zarur). Unda quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘ladi: to‘liq ismi, tug‘ilgan sanasi va joyi, fuqaroligi, kasbi, doimiy yashash joyi, pasport, viza raqami, kim tomonidan berilganligi va berilgan sanasi (vizasi bo‘lgan taqdirda), jo‘nash joyi.

Malayziya bojxona qoidalari

Malayziyada bojxona qoidalari sodda va juda demokratikdir. Shubhasiz noqonuniy buyumlarni olib kirish va eksport qilish qat'iyan man etiladi, boshqa hollarda esa deyarli hech qanday cheklovlar mavjud emas.

Chet elliklar Malayziyaga kirishda barmoq izlarini qoldirishlari shart. Ushbu protsedura jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashish nuqtayi nazaridan majburiy holga aylandi. 2 ko‘rsatkich barmog‘idan barmoq izlarini olish jarayoni bir daqiqadan ko‘p bo‘lmagan muddatda davom etadi. Ushbu protsedura pasport nazorati peshtaxtasida amalga oshiriladi. Pasportingizni olganingizdan so‘ng pasport nazorati xodimi ikkala qo‘lning ko‘rsatkich barmoqlarini skanerga qo‘yishingizni so‘raydi va bir necha soniyadan so‘ng ushbu protsedura yakunlanadi.

Quyidagi mahsulotlarni olib kirish taqiqlanadi:

1) Giyohvand moddalar

2) Qurol-yaroqlar

3) Pornografiya

4) Isroildan tovarlar

5) Tangalar va Isroilning banknotalari

6) Qur'ondan matnlar bosilgan kiyimlar

7) Radiolar

8) 100 grammdan ziyod oltin

9)   Antiqa buyumlar

10) Yovvoyi qushlar va hayvonlar

11) Geviya o‘simliklari va urug‘lari

Narkotik vositalarini olib kirish va eksport qilish uchun qonunbuzarlarga so‘zsiz o‘lim jazosi beriladi.

Kameralar, soatlar, ruchkalar, zajigalkalar bojxona to‘lovlariga tortilmaydi.

Siz bojsiz olib kirishingiz mumkin:

-        1 litr kuchli alkogol ichimliklarni;

-        200 dona sigaret yoki 50 dona sigar yoki tamaki 225 gramm;

-        parfyumeriya va kosmetika mahsulotlari 200 ringgitdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda.

Malayziyaga xorijiy va mahalliy valutani olib kirish cheklanmagan. Ammo valutani olib chiqishda milliy valuta — 5 ming ringgitgacha, chet elga valutasi 5 ming ringgitgacha ekvivalentda olib chiqish mumkin.

Davlatbek Asadov tayyorladi.

Mavzuga oid