17:00 / 15.06.2021
22895

«Xitoyga tuhmat qilishni to‘xtating» - Pekin G7 yetakchilari bayonotiga norozilik bildirdi

Ta'kidlanishicha, G7 yetakchilari bayonotida faktlar buzib ko‘rsatilgan, bayonotning o‘zi esa "bir necha mamlakat, jumladan, AQShning yovuz maqsadlarini ko‘rsatmoqda".

Foto: EPA

Xitoy G7 sammiti yakunlari bo‘yicha dunyoning rivojlangan mamlakatlari yetakchilari Pekinni inson huquqlarini hurmat qilishga chaqirganidan so‘ng "katta yettilik" davlatlari rahbarlarini "siyosiy manipulyatsiyalar"da aybladi, deb yozadi BBC.

G7 yetakchilari bayonotida Pekin uyg‘urlar huquqlarini buzayotgani va Hongkongdagi o‘zgacha fikrlovchilarning shafqatsiz bostirilishi tilga olingan.

"Xitoyga tuhmat qilishni, Xitoyning ichki ishlariga aralashishni va Xitoy manfaatlariga zarar yetkazishni bas qiling", - dedi Xitoyning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi vakili. Elchixonadagilar Xitoy hukumatiga nisbatan ayblovlarni asossiz, deb atadi.

G7 guruhiga AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada va Italiya kiradi. Sammitlarda shuningdek, Yevroittifoqning markaziy organlari rahbarlari ham ishtirok etadi.

Ekspertlarning fikricha, 2017 yilda Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumanida o‘zgacha fikrlovchilarga qarshi kurash boshlanganidan buyon bir millionga yaqin uyg‘urlar va boshqa musulmonlar ushlangan. Yuz minglab kishilar panjara ortiga tashlangan. Qator manbalar ularga nisbatan jismoniy va ruhiy qiynoqlar qo‘llanilgani haqida guvohlik beradi. Xitoy bunday ayblovlarni rad etib keladi.

G7 yetakchilari shuningdek, Xitoy hukumatini Hongkong muxolifatining huquq va erkinliklarini himoya qilishga chaqirdi. O‘tgan yili Pekin milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Ushbu qonunga ko‘ra, ayirmachilik, qo‘poruvchilik faoliyati va xorijiy davlatlar vakillari bilan til biriktirish jinoyat, deb hisoblanadi va ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanadi.

Bayonotda Xitoy o‘z provinsiyasi deb hisoblaydigan Tayvan ham tilga olingan eslab o‘tilgan. G7 ushbu mintaqada tinchlik va barqarorlik muhimligini ta'kidlagan.

AQSh prezidenti Jo Bayden "katta yettilik" bayonotidan qoniqish bildirdi, ammo Xitoy elchixonasida bu bayonot norozilik uyg‘otdi. Ta'kidlanishicha, bayonotda faktlar buzib ko‘rsatilgan, bayonotning o‘zi esa "bir necha mamlakat, jumladan, AQShning yovuz maqsadlarini ko‘rsatmoqda".

NATO sammiti

14 iyun kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATO sammiti yakunlariga ko‘ra qabul qilingan bayonotda Xitoyning harakatlari alyans xavfsizligi uchun tizimli chaqiriq, deb hisoblandi.

 «Xitoyning maqsadlari va harakati Shimoliy atlantika alyansi xavfsizligiga aloqador qoidalar va yo‘nalishlarga asoslangan xalqaro tartibga nisbatan tizimli chaqiriq hisoblanadi», — deyildi bayonotda.

Hujjatda qayd etilishicha, Xitoy o‘z yadroviy arsenalini shitob bilan oshirmoqda va harbiy modernizatsiyani amalga oshirishda shaffoflik tamoyillariga amal qilmayapti hamda Rossiya bilan harbiy sohada hamkorlik qilmoqda.

 «NATO Xitoy bilan imkoniyat mavjud sohalarda konstruktiv muloqotni qo‘llab-quvvatlaydi», — deyiladi bayonotda.

Mavzuga oid
Top