23:34 / 17.06.2021
3205
Kuvaytning koronavirusga to‘liq emlanmagan fuqarolariga mamlakatdan chiqish taqiqlab qo‘yildi

Kuvayt hukumati koronavirus pandemiyasiga qarshi yangi choralar kiritilishi doirasida koronavirusdan to‘liq emlanmagan fuqarolarga amirlikdan chiqishni taqiqlashini va mamlakatga kirishda muayyan cheklovlar kiritishini e'lon qildi.

Foto: Courtesy of Al Anba

Hukumatning rasmiy vakili Tarik al-Muzramning ma'lum qilishicha, kuvaytliklar mamlakatda ma'qullangan vaksinadan 2 dozasini qabul qilgachgina amirlikdan chiqishlari mumkin bo‘ladi. «Biroq bu homilador va yoshi yoki salomatligi tufayli vaksina ololmaydiganlarga taalluqli bo‘lmaydi», deb aytgan al-Muzram.

Bundan tashqari, Kuvaytga amirlikda ma'qullangan 3ta vaksina — Pfizer, AstraZeneca, Moderna bilan to‘liq emlangan yoki Johnson & Johnson’ning bir dozasini olgan xorijliklar kira oladi. Shu bilan birga, amirlikka keluvchilar 72 soat ichida topshirilgan manfiy PsR-testga ega bo‘lishlari kerak. Shuningdek, ular amirlikka kelgandan 7 kun o‘tib yana bir test topshirishlari lozim. Bu vaqt davomida ular uyda qolishlari zarur.   

Kuvayt hukumati emlanganlarga va emlashdan ozod qilinganlarga 27 iyundan boshlab restoran, kafe, go‘zallik salonlari, sportzallar, savdo markazlariga tashrif buyurishga ruxsat berdi.

16 iyunda Kuvayt sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda koronavirusning hindcha shtammi bilan kasallanish holatlari aniqlanganini ma'lum qildi. Iyun boshidan beri amirlikda kunlik kasallanish holatlari 1,3 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda va bu raqamlar tobora o‘sib bormoqda. Oxirgi sutkada mamlakatda 1,5 mingdan ko‘proq kasallanish holati aniqlangan, 6 kishi virusdan vafot etgan.

Top