17:39 / 18.06.2021
38985

So‘lim Shohimardonda sayohat mavsumi boshlandi - fotogalereya

Shohimardonda sayohat mavsumini ochish bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov rahbarligidagi delegatsiya Qirg‘izistonning Botken viloyati rahbarlari bilan birga Shohimardonni sayohatga ochish jarayonida ishtirok etishdi.

Hazrat Ali ziyoratgohida boshlangan uchrashuv Shohimardonning janubiy tarafida davom ettirildi, dengiz sathidan 3 000 metr balandlikda, tog‘lar bag‘rida joylashgan Qurbon ko‘liga o‘tuvchi osma dor yo‘lini qayta ochish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir so‘ngida o‘zbek va qirg‘iz xalqlari san'atkorlari ishtirokidagi konsert namoyish qilindi.

Shohimardon — O‘zbekistonning Qirg‘iziston hududida joylashgan eksklavi. U Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumaniga qaraydi. Qishloq aholisi 6500 kishidan ziyodroq.

Shohimardonning to‘rt tomoni ham tog‘lardan iborat. Hududidan Oqsuv va Ko‘ksuv soylari oqib o‘tadi. Bu soylar Shohimardon qishlog‘i markazida birlashib, Oqsuv nomi bilan Qirg‘iziston hududi orqali Vodil qishlog‘iga yetib, Marg‘ilonsoy nomi bilan Marg‘ilon shahri va undan keyingi qishloqlargacha yetib boradi.

Shohimardon — Farg‘ona viloyatining eng mashhur kurort maskani. Mahalliy aholi qishloqni «Farg‘ona Shveytsariyasi», deb ham atashadi. Go‘zal qishloq Oqqiya, Yordon qishloqlari orasida joylashgan. Shu yerda toshbo‘ron qilingan Hamza Hakimzoda Niyoziy xotirasiga sovet yillarida Hamzaobod deb atab kelingan. Keyinchalik uning tarixiy nomi qaytarilgan.

Chegaradagi muammolar sabab Shohimardon qishlog‘i bir muddat jo‘shqin hayotdan uzilib qolgandi. Turistlar oqimi ham kamaygan.

Qishloqqa borgan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov mikroavtobuslar qatnovi tiklanishi, qishloq obodonlashtirilishini e'lon qildi. Go‘zal go‘shada turizmni rivojlantirish borasida amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.

Top