22:24 / 23.06.2021
1513
Ishtixonda jurnalistlarning fleshkasini yo‘q qilgan hokimlik axborot xizmati rahbarini haqorat qilganlar 15 sutkaga qamaldi

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Ishtixon tumani hokimligi axborot xizmati xodimi shu tumanga borgan jurnalistlarning kamerasiga tashlanib, undagi xotira kartasini chaynab, yo‘q qilgani haqida xabar tarqalgani ma'lum qilingandi.

Voqea Samarqand viloyat hokimligi axborot xizmati hamda AOKA hududiy boshqarmasi tomonidan ikkala tomon ishtirokida o‘rganilgach, Ishtixon tuman hokimligi axborot xizmati rahbari I.Boboyevga hayfsan jazosi berilgani e'lon qilindi.

Ma'lum bo‘lishicha, voqea joyida bo‘lgan fuqarolardan ikki nafari hokimlik axborot xizmati rahbarini haqorat qilgani uchun 15 sutkaga qamalgan. Shuningdek, hokimlikka ko‘ra, o‘sha kungi holatda odamlarni to‘plash hamda hokimiyat vakillariga nisbatan qarshilik ko‘rsatishda targ‘ibot ishlarini amalga oshirishda faol bo‘lganlik vaji bilan qator fuqarolar bo‘yicha surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda. Bu haqda ishtixon tuman hokimligi telegram kanalida xabar berilgan.

Mazkur xabarga ko‘ra, Ishtixon dehqon bozorida 14 iyun kuni "Mening yurtim" telekanali muxbirlari va Ishtixon tuman hokimligi axborot xizmati bozordagi holatni o‘rganish vaqtida fuqarolar N.O. va M.U. I.Boboyevga nisbatan noo‘rin harakatlar sodir etib, haqorat qilishib, hokimlik xodimining xizmat faoliyatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashgan.

Yuqoridagi fuqarolarga nisbatan sud hukmi bilan MJtKning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan, deb topilgan va 15 sutka qamoq jazosi tayinlangan.

Shuningdek, hokimlik odamlarni to‘plash hamda hokimiyat vakillariga nisbatan qarshilik ko‘rsatishda targ‘ibot ishlarini amalga oshirishda faol bo‘lgan fuqarolar bo‘yicha surishtiruv ishlari amalga oshirilayotganini ma'lum qilmoqda.

Top