17:09 / 30.06.2021
20151
O‘zbekistonda test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha 2ta ssenariy muhokama qilinmoqda

Davlat test markazi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan hamkorlikda ikki xil ssenariy ustida ish olib borilmoqda. Bu haqda AOKAda 2021/2022 o‘quv yili qabul jarayonlari bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan o‘tkazilgan brifingda Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Bekzod Toshpo‘latov ma'lum qildi.

Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i joriy yilda qabul jarayonlariga kiritilgan muhim yangiliklar haqida gapirdi.

«Joriy yilgi qabul jarayonlariga oid muhim masalalardan biri, 2021/2022 o‘quv yili qabulidan boshlab alohida iqtidor talab etiladigan ta'lim sohalarining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda abituriyentlar uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlardan so‘ng majburiy uchta – ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha Davlat test markazi tomonidan test sinovlari o‘tkaziladi.

Yana bir muhim jihat, 2021/2022 o‘quv yili qabulidan boshlab, qonunchilik hujjatlariga muvofiq, oliy ta'lim muassasalariga imtihonlarsiz davlat granti asosida o‘qishga kirish bo‘yicha imtiyozga ega bo‘lgan shaxslar umumiy qabul parametrlaridan tashqari qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi», dedi u.

Boshqarma boshlig‘i test jarayonlariga tayyorgarlik masalalariga ham to‘xtalib, mamlakatda epidemiologik vaziyat davom etayotganini inobatga olgan holda, Davlat test markazi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan hamkorlikda ikki xil ssenariy ustida ish olib borilayotganini aytdi.

«Ayni paytda 2ta ssenariy muhokama qilinmoqda: test sinovlarini an'anaviy shaklda katta sig‘imli binolarda yoki 2020 yildagi kabi ochiq maydonlarda o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Buning uchun test sinovi o‘tkaziladigan joylar tanlanib, reja-chizmalari va dislokatsiyalari tayyorlandi. 46 830 nafar abituriyent uchun mo‘ljallangan 96ta katta sig‘imli yopiq bino, 59 040 nafar abituriyentga mo‘ljallangan 65ta stadion va xiyobonlarda o‘tkazish mo‘ljallangan.

Test sinovlari o‘tkaziladigan katta sig‘imli binolar va ochiq maydonlar ro‘yxati Davlat komissiyasiga kiritildi» deya ta'kidladi Bekzod Toshpo‘latov.

Eslatib o‘tamiz, 2021/2022 o‘quv yili uchun davlat buyurtmasi parametrlari  bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha kunduzgi ta'limga 113 530 nafar, sirtqi ta'limga 37 675 nafar, kechki ta'limga 6 550 nafar etib, magistraturaga 12 900 nafar etib belgilangan. Filiallar va nodavlat oliy ta'lim tashkilotlarida davlat granti asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha – 500 nafar abituriyent qabul qilinadi.

Top