07:12 / 10.07.2021
2278

Navoiyda pora olish jinoyati 100 foizga oshganligi ma'lum qilindi

2021 yilning 6 oyida Navoiy viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati va jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari tomonidan 662 nafar shaxsga nisbatan 506 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan hamda 336 ta jinoyat ishi bo‘yicha 473 nafar shaxsga nisbatan hukm chiqarilgan. Bu haqda 2021 yil 9 iyul kuni o‘tkazilgan brifingda aytib o‘tildi.

Ta'kidlanishicha, ushbu davrda sudlanganlarning 40 nafariga jarima, 5 nafariga majburiy jamoat ishlari, 143 nafariga ahloq tuzatish ishlari, 153 nafariga ozodlikni cheklash, 116 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.

Yilning o‘tgan muddatida viloyatda qasddan badanga shikast yetkazish (61,5 foizga), haqorat qilish (4 baravarga), firibgarlik (36,8 foizga), pora olish (100 foizga), respublika hududiga kirish yoki chiqish qoidalarini buzish jinoyati (5 baravarga) oshgan. 

Giyohvand vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish (55,8 foizga), qasddan odam o‘ldirish (4 baravarga), qiynash (100 foizga), odam savdosi (100 foizga) jinoyatlari esa kamaygan.

Shuningdek, o‘tgan 6 oyda 9 607 nafar shaxsga nisbatan 7 718ta ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan hamda 6 469 nafar shaxsga nisbatan 5 424 ta ish bo‘yicha jazo tayinlangan. Viloyat fuqarolik sudlari tomonidan esa 7 556 ta ish ko‘rib tamomlangan. Ularning 370 tasi mehnat, 1 810 tasi oila, 4 246 tasi bitim nizolari bilan bog‘liq. 

Viloyat iqtisodiy sudlari tomonidan 6 oyda 1 634 ta ish ko‘rib chiqilib, 105.3 milliard so‘m miqdordagi qarz va yetkazilgan moddiy zararlarni da'vogarlar foydasiga undirish haqida qarorlar qabul qilingan.

Mavzuga oid
Top