08:11 / 10.07.2021
26576
«Tottenhem» va Mourinoning qiziqishi, bozorda ishlagani va O‘zbekiston qachon mundialga chiqishi haqida. Eldor Shomurodov bilan katta ko‘rsatuv

Rossiyalik bloger Yevgeniy Savin O‘zbekiston milliy jamoasi va Italiyaning «Jyenoa» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov haqida katta ko‘rsatuv suratga oldi. U futbolchining O‘zbekistonda barcha bosib o‘tgan yo‘llariga e'tibor berishga harakat qilgan. Savin «Bunyodkor» va «Mash'al» klublarida bo‘lib, Shomurodov haqida klub a'zolaridan so‘ragan. Ko‘rsatuvning asosiy qismida bloger Eldor Shomurodov bilan u tug‘ilib o‘sgan Jarqo‘rg‘on tumanida intervyu uyushtirgan.

Suhbat avvalida Savin o‘zbekistonlik futbolchidan nega ta'tilni Dubayda yoki boshqa shaharda emas, aynan Jarqo‘rg‘onda o‘tkazayotganini so‘ragan. Shomurodov esa uyda kam bo‘lishi sabab shunday qarorga kelganini aytgan: «Doim chet eldaman-ku, ota-onamni kam ko‘raman. Shu sabab uyga kelishga qaror qildim. O‘g‘lim tug‘ilgani sharafiga osh berdik, bizda shunday odat bor».

Savin Eldordan «Toshkentdan bu yerga kelguncha ko‘rdimki, odamlarning hayot tarzi pasayib borgandek ko‘rindi, to‘g‘risini ayt, sendan tez-tez qarz so‘rashadimi», deb so‘ragan. Shomurodov esa odamlar otasidan qarz so‘rab turishlarini aytgan.

Hujumchi nega 61-raqamni tanlaganini ham tushuntirgan: «Borganimda 14-raqam band ekan. Keyin do‘stim bilan maslahatlashdim va u 61-raqamni tavsiya qildi (Rostov viloyatida harakatlanuvchi mashinalarning davlat raqami) va bu fikr menga yoqdi».

«Tottenhem»ning qiziqishi

Savin o‘zbekistonlik futbolchidan «Roma»ning qiziqishi haqida so‘ragan. Shomurodov esa bundan bexabarligini aytgan. Ko‘rsatuv davomida Savin bilan suhbatlashgan Eldorga agentlik xizmatini ko‘rsatuvchi ProSpors Management kompaniyasi rahbari German Tkachenko esa Mourinoning unga qiziqish bildirgani haqida gapirgan. Tkachenkoga ko‘ra, Mourino Eldorning o‘yinlarini kuzatish uchun «Tottenhem» skautlarini ham yuborgan. Chunki o‘sha vaqtda London klubiga transfer bahosi qimmat bo‘lmagan futbolchi kerak bo‘lgan. U vaqtda Shomurodov «Rostov» safida bo‘lgan va jamoasi «Makkabi» to‘sig‘idan o‘tsa, «Tottenhem» bilan o‘ynashi kerak bo‘lgan. Biroq bunday bo‘lmagan va shu bilan «Tottenhem» varianti unutilgan.

Shuningdek, Tkachenko o‘zbekistonlik hujumchini «Shtutgart» qo‘lga kiritishni juda xohlaganini ta'kidlagan. Uning aytishicha, nemislar hatto futbolchiga to‘yi kuni sovg‘a ham yuborishgan. U Germaniyada bo‘lganida topib, klub stadionini, shaharning qayerida masjid borligigacha ko‘rsatishgan. Savin Tkachenko Abramovich bilan do‘st ekanini eslatib, Shomurodovning «Chelsi»ga o‘tishi borasida savol tashlagan. Futbolchi bu faoliyatining eng cho‘qqisi bo‘lishi mumkinligini aytgan bo‘lsa, Tkachenko boshqacharoq izohlagan: «U bilan do‘stligimiz qachon «Chelsi»ga futbolchimiz yo‘l olishida yordam berishi mumkin bilasanmi? Qachonki, top-top klub bo‘lgan «Chelsi» qaysidir klub bilan bizning mijozimiz bo‘lgan futbolchi bilan kurashsa. Buni esa men orzu qilaman».

Darvoqe, Savin Shomurodovdan Drogbani ko‘rsa, nima qilishini ham so‘ragan: «Odatda kimdir bilan rasmga tushishga uyalaman, lekin Drogbani ko‘rsam, uyalmay suratga tushishni so‘rardim», degan Shomurodov.

500 ming yevro uchun yetmagan bitta gol

Savin Shomurodov o‘tgan mavsumda Eldorga «Rostov»ga qo‘shimcha yarim million yevro bonus olib kelish uchun bitta gol yoki assist yetmaganini eslatib, shu asnoda keyingi mavsumdagi minimum vazifasi haqida so‘ragan: «Men hech qachon mana buncha gol uraman deb o‘z oldimga vazifa qo‘ymayman. Masalan, keyingi mavsumda 10 tadan ko‘p gol ursam, o‘zimdan ko‘nglim to‘ladi. Natijalarimni yaxshilash uchun jismoniy imkoniyatimni yaxshilashim kerak deb hisoblayman», degan o‘zbekistonlik futbolchi.

Ko‘rsatuv davomida Savin «Rostov» murabbiyi Valeriy Karpinga ham so‘z bergan va Shomurodovga sobiq murabbiyi haqida hazil qilgan: «Eldor, kelasi mavsumda 10 ta gol urishga harakat qil, zora bu uchun Karpinga qo‘shimcha pul berishsa va u Estoniyada emas, biror dengizga dam olgani borsa». Karpin ham o‘z navbatida hazillashgan: «Salom, Shoma. Yaxshimisan, qiyshiqoyoq? Menga qara, kelasi mavsumda 10 ta gol urishing kerak, shunda bizga qo‘shimcha pul berishlari mumkin ekan. Hech bo‘lmasa shu yerda foydang tegsin», degan Karpin hazillashib.

Paxtaga tosh tashlash va bozorda sotuvchilik

Ko‘rsatuvning eng quvnoq qismini Savin Jarqo‘rg‘onda suratga olgan. Shomurodov u yerda bolaligida paxta tergani va bozorda ishlagani haqida aytib bergan: «Bolaligimizda paxta terardik, hamma terardi. U vaqtda paxta og‘irroq bo‘lsin deb ichiga tosh ham tashlardik. Ha, bozorda ham ishlaganman. Ota-onamga yordam berardim. Oziq-ovqat sotardik. Bozorda ishlaydiganlar meni eslab qolgan bo‘lsa kerak».

Suhbat davomida Savin va Shomurodov ikkita motorollerga o‘tirib, Jarqo‘rg‘on ko‘chalarida o‘ziga xos poyga uyushtirishgan. Eldor bolaligida mana shunday ulovlarda bozorga yuk olib kelganini eslagan.

Futbolchi Ilhom Shomurodov uning faoliyatida muhim inson bo‘lganini alohida xotirlagan: «Ilhom akam meni ko‘p ruhlantirgan. U doim pulga qiziqish kerak emasligini aytardi. Menga eng yaxshi butsalarni olib berar, ruhiy jihatdan qo‘llab-quvvatlardi».

Savin «Mash'al» akademiyasiga ko‘rsatuvining alohida qismini ajratgan. Unda futbolchining birinchi ustozi Otajon Avezov va murabbiyi Dilshod Annayevlar bo‘lajak yulduz shogirdlari haqida gapirishgan. Dilshod Annayev Shomurodovni birinchi marta Ektor Kuper markaziy hujumda o‘ynatgani, ungacha futbolchi qanot hujumida, hatto tayanch zonasida harakat qilganini aytgan. Ko‘rsatuv davomida Shomurodov Rostovda ham tayanch zonasida harakat qilganini aytgan, Karpin esa buni tasdiqlagan.

Savinning dasturida Samvel Babayan ham ko‘rinish bergan. U Shomurodov qanday qilib «Bunyodkor»ga o‘tganini aytib bergan: «O‘shanda Eldorni «Paxtakor»ga olib kelish uchun qattiq harakat qilganmiz, ko‘proq pul ham taklif qilganmiz, lekin «Mash'al» va «Bunyodkor» bitta kompaniya tomonidan moliyalashtirilgani sabab ular futbolchini ilib ketishgan. Boshqa tomondan «Bunyodkor» ham o‘z brendiga ega jamoa bo‘lgan», degan Babayan.

O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq murabbiyi bo‘lgan Babayan jahon chempionatiga chiqishda unga bugungi kundagi formada bo‘lgan Eldor Shomurodov yetishmaganini aytgan. Murabbiy Yevropa tajribasiga ega futbolchilarning ko‘p bo‘lishi milliy jamoa o‘sishiga xizmat qilishini aytgan. Xuddi shu fikrni Shomurodov ham bildirgan: «Bizga ko‘proq kuchli klublarda o‘ynaydigan futbolchilar kerak, shunday milliy jamoa nihoyat jahon chempionatiga chiqa oladi».

Shomurodov akademiyadagi davrini eslar ekan, Otabek Shukurov bilan birga o‘ynagani, shuningdek, o‘zi bilan birga o‘ynagan Asliddin Abdiyev kuchli futbolchi bo‘lgani, biroq jarohatlar sabab o‘ynab keta olmaganini aytgan.

10 ta goldan iborat seriya qanday amalga oshgandi?

Eldor Rostovda o‘yini o‘xshamayotgan vaqtda uni Rossiyaning boshqa jamoasiga ijaraga bermoqchi bo‘lishgani haqida gapirgan: «Yig‘inda shunday bo‘ldiki, men oddiy to‘pni to‘xtata olmasdim, hatto yaxshi yugurolmay qoldim. Keyin esa xatomni anglab, o‘z ustimda ishlay boshladim. Ko‘rdimki, buni murabbiy ham sezdi. «Krasnodar»ga qarshi o‘yindan keyin murabbiy menga ishona boshlaganini ko‘rdim. Murabbiy senga ishonsa, o‘ynash ham oson bo‘ladi.

Ha, meni Rossiya birinchi ligasida o‘ynovchi «Baltika» jamoasiga ijaraga bermoqchi bo‘lishdi. Keyin «Arsenal» (Tula), «Tosno», «Ufa» variantlari paydo bo‘ldi. Osiyo kubogidagi o‘yinlar esa menda o‘zimga bo‘lgan ishonchni oshirdi. O‘sha golli seriya shundan keyin sodir bo‘ldi», degan Shomurodov.

Top