12:31 / 16.07.2021
9901

Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik bitimini tuzish va yillik mintaqalararo forum o‘tkazishni taklif etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari davlatlari o‘rtasida ko‘ptomonlama Iqtisodiy hamkorlik bitimini tuzish masalasini qo‘shma ekspertlik tahlilidan o‘tkazishga doir tashabbusni ilgari surdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, prezident savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va o‘zaro sarmoyalarni ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish davlatlarning ustuvor vazifasi ekanligini ta'kidlagan.

Shuningdek, mahsulot va xizmatlar hamda investitsiyalarning erkin harakati uchun transport-kommunikatsiya va energetika infratuzilmalarini shakllantirish ushbu masalalar yechimiga amaliy hissa qo‘shishi qayd etilgan.

«Buning uchun ota-bobolarimiz majlis va qurultoylar, loyya jirg‘a, vasi mushavarat va sabxa kabi yig‘inlarda to‘planganlaridek, biz ham mamlakatlarimiz o‘rtasida dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun investitsiyaviy hamkorlik va kooperatsiyani chuqurlashtirish, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha yillik mintaqalararo forum o‘tkazishni taklif etamiz.

Bunday muloqotlar doirasida ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar yangi ish o‘rinlarini yaratish, iqtisodiyotlarimiz salohiyatini rivojlantirish va ularning barqaror o‘sishini ta'minlashga qaratilgan aniq dastur va loyihalarni uyg‘unlashtirish imkoniyatini beradi», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Toshkent konferensiyasi
15-16 iyul kunlari Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top